Respublikamiz Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi huzurida “Davlat tilini rivojlantirish departamenti” tashkil etildi va uning aniq vazifalari belgilab berildi. Unga ko‘ra davlat idoralari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy hokimiyat organlarining davlat tilida ish yuritishi, davlat idoralarida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazorat olib borishini monitoring qilish tizimi yaratildi.


“Davlat tili haqida”gi Qonunning 9-moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi. Shu bilan birga, ushbu qonunning 10-moddasiga ko‘ra korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda esa, davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.


Shu maqsadda ekspert guruhi a’zolari O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Chirchiq filialida bo‘lib, yuqoridagi Farmon ijrosi tanqidiy-tahliliy o‘rganildi. “O‘zstandart” agentligi ekspert guruhi tomonidan ushbu muassasada ish yuritish davomida davlat tili to‘g‘risidagi Qonun me’yorlariga nechog‘li amal qilinayotgani tahliliy o‘rganildi.
Xususan, filial laboratoriyalarida tekshiruvlardan o‘tkazilgan uskunalarga berilayotgan sertifikatlarni aynan davlat tilida yozish, yozganda ham o‘zbek tili imlo qoidalariga to‘liq amal qilgan holda xato va kamchiliklarga o‘rin qoldirmagan holda amalga oshirilishiga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, filialga qarashli barcha tashqi yozuvlar, e’lonlar va boshqa ko‘rgazmali axborot - reklama matnlari davlat tili to‘g‘risidagi Qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi ta’minlandi.