Davlatimiz rahbari Toshloq tumanidagi “Uz-Segang” qoʻshma korxonasida ish jarayoni bilan tanishdi.
Fargʻona viloyatidagi 6 ta ixtisoslashgan tumanda 20 ta meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasteri tashkil etilgan. Bu yil ularda 288 ming tonna mahsulot yetishtirilib, 120 ming tonnasini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Buning uchun sigʻimi 330 ming tonnadan ortiq boʻlgan muzlatkichli omborxonalar, 25 ta logistika markazi, 90 ta qayta ishlovchi korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Uz-Segang” qoʻshma korxonasi yiliga 16 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish quvvatiga ega. Bu yerda 100 milliard soʻm evaziga zamonaviy logistika markazi tashkil etilgan. Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoydan ilgʻor texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan.
Masalan, Italiyaning ICEOL texnologiyasi gilosni rangi va kattaligi boʻyicha saralab qadoqlaydi. Sifatsizlarini lazer nuri orqali aniqlab, alohida joylaydi. Janubiy Koreyadan keltirilgan SNP liniyasi anorni xuddi shunday saralaydi. Mevaning ichidagi pishmagan yoki chiriy boshlagan joyni ham aniq koʻrsatadi. Bu xaridorlar ishonchini qozonib, eksportni rivojlantirishda muhim oʻrin tutmoqda. Korxona mahsulotlari “Global G.A.P.” xalqaro sertifikatiga ega.
Joriy yilda Xitoy, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlarga 20 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Kompaniyada 250 nafar yigit-qiz ish bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz bu korxonani doimiy xomashyo bilan taʼminlash masalasiga ahamiyat qaratdi. Buning uchun unga hududdagi bogʻlarni biriktirish, yangi bogʻlar va laboratoriya tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.