“Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.
 
Farmonga koʻra, mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlangʻich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda sotuvchi tomonidan belgilanadi.
 
Shuningdek, mahalliy toʻqimachilik korxonalariga birja savdolarida 2020-yil 1-aprelga qadar milliy valyutada sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytiriladi.
 
Farmon bilan import qilinadigan ayrim xomashyo va materiallar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona boji toʻlashdan ozod qilindi.
 
2020-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi.
 
Oʻzbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda 2021-yil 1-yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSH dollari, 2022-yil 1-yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSH dollari, 2023-yil 1-yanvardan – 0,1 AQSH dollari, 2025-yil 1-yanvardan – 0,2 AQSH dollari miqdorida yigʻim undiriladi.
 
Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi markaziy apparatlari tuzilmalarida belgilangan shtat birliklari doirasida toʻqimachilik sanoati masalalari boʻyicha tuzilmalar tashkil etiladi.
 
OʻzA