Kelajak avlodni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-resurs markazi Bolalar kutubxonasida “Kitob aksiyasi” tashkil etildi.
2-aprel – Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, yoshlarda mutolaa va axborot olish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tadbirda shoir-yozuvchilar, olimlar, mahalla faollari, ota-onalar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirishga bag‘ishlab turli tadbirlar, xayriya aksiyalari tashkil etish, ijtimoiy reklamalardan unumli foydalanish, o‘zbek hamda jahon adabiyotining mumtoz va zamonaviy badiiy asarlarini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Tadbirda ishtirokchilar kutubxonalarda yaratilgan imkoniyatlar, darslik va badiiy adabiyotlar, ma’lumotlar bazasi, elektron resurslar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Farzandining yetuk inson bo‘lib kamolga yetishi, o‘ziga munosib kasb tanlashida oiladagi kitobsevarlik muhitining ahamiyati, bolalarni kitob o‘qishga o‘rgatishda ota-onaning o‘rni xususida fikr almashildi. “O‘smir kitobxonligi va zamonaviy dunyo” deb nomlangan kitoblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Tadbir doirasida kutubxonada o‘quvchi-yoshlar uchun qiziqarli viktorina tashkil etildi. Bolalar adabiyot olamiga sayohat qildi. O‘quvchilarning kitob haqidagi she’rlari, qo‘shiqlari, jozibali raqslar tadbirga yanada fayz kiritdi.
Aksiya qatnashchilari uchun “Qoraqalpog‘iston” va “Bilim” nashriyotlari, “Al-Ahmad-Nukus” xususiy korxonasi tomonidan “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” deb nomlangan kitob yarmarkasi tashkil etildi. Unda ota-onalar qiziqarli kitoblar sotib olib, farzandlariga sovg‘a qildi.
– Bunday tadbirlar xalqimiz ma’naviyatini boyitishga xizmat qilishi bilan birga, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undaydi, – deydi nukuslik Alpamis Jarliqasinov. – Yarmarkadagi turli kitoblar, badiiy asarlar barchaga manzur bo‘ldi. Nevaralarim uchun qiziqarli ertak kitoblar sotib oldim.