1834 yil 8 fevralda Sibirning provinsial Tobolsk shahrida tug‘ilgan Dmitriy Ivanovich Mendeleyev, buyuk ensiklopedist-olim, jamoat arbobi, ximik, fizik-ximik, fizik, metrolog, iqtisodchi, texnolog, geolog, meteorolog, pedagog, havoda uchish amaliyoti va nazariyasi bilan shug‘ullanadigan mutaxassis va asbobsoz sifatida dunyo tarixiga kirgan.
D.I.Mendeleyev nafaqat kimyoviy elementlarning mashhur davriy qonunini birinchi bo‘lib kashf qilgan olim, balki ilmiy metrologiyaning asoschisi hisoblanadi.
1892 yil 19 noyabrda D.I.Mendeleyev Namunaviy o‘lchov va tarozilar deposining (Sankt-Peterburgda tashkil etilgan birinchi davlat metrologik va qiyoslash muassasasi) saqlovchi olimi bo‘lib tayinlanadi. Mendeleyev tomonidan mamlakatning butun metrologik va qiyoslash xizmatini qayta qurish (isloh qilish) tizimi ishlab chiqilgan. Depo O‘lchov va tarozilar bosh palatasiga – mamlakatning birinchi ilmiy-metrologik va qiyoslash xizmatiga o‘zgartirilgan. D.I.Mendeleyev rahbarligida Bosh palatada dunyo fan va texnika darajasiga mos bo‘lgan milliy etalonlar tizimi yaratilgan, Rossiya va metrik o‘lchovlar o‘rtasidagi aniq o‘zaro nisbatlar o‘rnatilgan. Bu mamlakatni sekin-asta xalqaro metrik birliklar tizimiga o‘tishga tayyorlashga imkon berdi.
Vaqt o‘tgan sari, D.I.Mendeleyev tomonidan yaratilgan davlat metrologik xizmatining strukturasi – rahbarlik organlari, metrologik institutlar va qiyoslash markazlari, ular o‘rtasida o‘zaro harakat qilish tizimi, qonun-qoidalar va texnik baza takomillashib, o‘zgarib boryapti, biroq olim tomonidan belgilangan asoslar o‘zgarmay qolmoqda.
1934 yilda O‘lchov va tarozilar bosh palatasi Metrologiya ilmiy-tadqiqot institutiga (VNIIM) o‘zgartirilgan edi, 1945 yilda esa institutga D.I.Mendeleyev nomi berildi.