Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida davlat organlarida yuridik xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Farmon ijrosi doirasida joriy yil 19-yanvar kuni davlatimiz rahbari imzolagan “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bu borada muhim qadam bo‘ldi.
O‘zA muxbiri mazkur qaror mazmun-mohiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalar xususida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Muzraf Ikromov bilan suhbatlashdi.
– Muzraf Muborakxo‘jayevich, aytingchi, yuridik xizmatni takomillashtirishga qanday zarurat tug‘ildi? Qaror bilan sohada qanday amaliy choralar ro‘yobga chiqariladi?
– Yuridik xizmat, yuriskonsult deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga shunchaki rasmiyatchilik uchun ishlayotgan huquqshunos keladi. Aslida bu lavozimdagi shaxs chuqur bilimli, dunyoqarashi keng, zamon bilan hamnafas, qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul mutaxassis bo‘lishi lozim.
Darhaqiqat, huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lini tanlagan mamlakatimizda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash bosh tamoyil hisoblanadi. Ushbu maqsad yo‘lida keyingi yillarda yurtimizda tub islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida oldimizga aniq vazifalarni qo‘ymoqda. Yuridik xizmat ana shu maqsadni ro‘yobga chiqarishda muhim bo‘g‘in bo‘lgani uchun ham bu sohani takomillashtirishga ehtiyoj tug‘ildi.
Garchi yuridik xizmatlar davlat organlari va tashkilotlarning norma ijodkorligi, shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini amalga oshirib kelgan bo‘lsa-da, qonunbuzilishining oldini olish hamda o‘z vaqtida choralar ko‘rish borasidagi faoliyati talab darajasida emas edi. Bunga ularning yetarli va ta’sirchan vakolatlarga ega emasliklari sabab bo‘layotgandi. Sir emas, ba’zi rahbarlar yuristsiz ish yuritishni ma’qul ko‘rgan yoki yuristni o‘z yo‘rig‘iga solishga urinib kelgan.
Ayrim vazirlik va idoralarda ko‘plab huquqiy ahamiyatga ega hujjatlar qabul qilinib, minglab xodimlar ishlasa-da, bir yoki ikki nafar yurist lavozimi joriy etilgan, xolos. Hatto, ulardan ayrimlarining hududiy bo‘limlarida umuman bu xizmatlar mavjud emas.
Sohani isloh qilishga bo‘lgan e’tibor davlatimiz rahbarining yuridik xizmat sohasiga, qolaversa yuristlarga bo‘lgan ishonchi va e’tiborining qay darajada yuqoriligini ko‘rsatdi. Qaror yuridik xizmatni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim hujjat bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur qarorning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, unda yuridik xizmatning mavqeini oshirish hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan bir qatorda qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha vazifalari doirasi ham kengaytirildi, mas’uliyat va javobgarligi kuchaytirildi. Sohada uzoq vaqtdan buyon o‘z yechimini kutayotgan masalalar to‘liq hal etildi.
Qaror bilan endilikda shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, ularning hududiy tuzilmalarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan minimal me’yor va mezonlarga asosan majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etiladi. Mazkur xizmatning shtat birliklari qisqartirilishiga aslo yo‘l qo‘yilmaydi.
Yana bir masala, bu sohada kadrlarning qo‘nimsizligi yetuk yuridik xizmat xodimini tayyorlashga monelik qilar edi. Sohada ishlayotgan xodimlarning himoyalanmaganligi, yetarli istiqbollar belgilanmaganligi ularning boshqa sohalarga o‘tib ketishiga sabab bo‘lardi. Ayniqsa, yuridik xizmat xodimlarini tashkilot rahbarining mustaqil o‘zi ishga qabul qilishi yoki ishdan bo‘shatishi tartibi ularning qonuniylikni ta’minlash borasidagi faoliyati qaysidir ma’noda cheklanishiga olib kelayotgandi.
Endilikda qaror bilan belgilangan tartibga ko‘ra bunday holatlarga tubdan barham berildi. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlari lavozimga majburiy tartibda Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadigan va ozod qilinadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, adliya organlariga yuridik xizmat faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablarini buzgan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlariga nisbatan intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish tashabbusi bilan chiqish huquqi berildi.
Joriy etilgan bunday yangi tartib yuridik xizmat xodimlarining o‘z funksional vazifalarini qonun doirasida yuritishiga mustahkam zamin yaratadi. Adliya organlariga ularning kafolatini ta’minlash imkonini beradi.
Sohaga yosh kadrlarni jalb etishga qaratilgan hamda ushbu soha jozibadorligini oshiradigan yana bir muhim qoida belgilandi. Unga ko‘ra, yuridik xizmat xodimlariga ham adliya organlari xodimlariga belgilangan martaba darajalari beriladi, ko‘p yillik xizmatlari uchun ustamalarni to‘lash tartibi tatbiq etiladi. Eng asosiysi, xodim boshqa davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga ishga o‘tganda ham yuridik xizmat xodimi sifatidagi mehnat staji martaba darajalari va ko‘p yillik xizmat ustamalarini to‘lash uchun mo‘ljallangan mehnat staji hisobga olinadi. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining mazkur mutaxassislik bo‘yicha uch yillik stajiga ega bo‘lgan xodimlari advokat maqomiga ega bo‘lish uchun tegishli stajirovkani o‘tamasdan litsenziya olish uchun talabgor shaxs sifatida malaka imtihonida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Yuqoridagilarning barchasi endilikda malakali mutaxassislarning mazkur sohaga qiziqishini oshirishi shubhasiz. O‘z navbatida, sohaga malakali kadrlarni tanlab olish imkoniyati vujudga keldi. Bu soha faoliyatining sifat darajasi oshishiga xizmat qiladi.
– Qaror bilan yuridik xizmatlarning vazifalar doirasi kengaytirildi. Ularga qanday vazifalar yuklatilmoqda?
– Davlatimiz rahbari “muammoning oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish choralarini ko‘rish muhimligi” haqida doimiy ravishda ta’kidlab keladi. Ushbu fikrlar qarorda o‘z ifodasini to‘liq topdi. Jumladan, yuridik xizmatlarga o‘zining tashkiloti ishtirokida vujudga keladigan nizolarni sudgacha hal etish yuzasidan majburiy tartibda choralarni ko‘rish vazifasi yuklatildi. Xuddi shunday buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hujjatlarning loyihalari huquqiy ekspertizani amalga oshirish uchun majburiy tartibda yuridik xizmatga taqdim etilishining belgilanishi ham aynan qonunbuzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan tartibdir.
Bundan tashqari, davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ta’sir etadigan qarorlari yuzasidan majburiy tartibda yuridik xizmatning xulosasi olinishi ham mustahkamlab qo‘yildi. Ushbu norma davlat organlarida qabul qilinadigan hujjatlarga huquqiy baho berish, ularni ijroga qaratishdan oldin “filtr”dan o‘tkazish masalalarini ko‘zda tutadi.
Qaror bilan yuridik xizmatga yana bir muhim vazifa yuklatildi. Ma’lumki, 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etildi.
Shulardan kelib chiqqan holda qarorda davlat organlari va tashkilotlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakati yoki harakatsizligi yuzasidan berilgan shikoyatlar majburiy tartibda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari tomonidan ham ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi.
Yuridik xizmat qonun hujjatlari bilan o‘ziga yuklangan funksiyalarni zarur darajada va samarali bajarishi shart. Davlat organi va tashkilotida, shuningdek, uning tizimiga kiradigan tuzilmalarda qonunbuzilishi holatlari aniqlangani to‘g‘risida zudlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori turuvchi organga, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi zarur.
Yuridik xizmatga qo‘yilayotgan bunday mas’uliyatli vazifalarning to‘laqonli bajarilishi qonun ustuvorligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
– Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish borasida qanday ishlar amalga oshiriladi?
– Adliya vazirligi yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash, xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va malakasini oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Shu maqsadda vazirlik tizimida Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida tegishli sho‘balar tashkil etilmoqda. Hozir ushbu boshqarmani davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari bilan ishlash tajribasiga ega hamda o‘zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosini yuqori darajada ta’minlay oladigan malakali kadrlar bilan to‘ldirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Vazirlik tomonidan ushbu qaror mazmun-mohiyatini davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari va yuridik xizmat xodimlariga yetkazish maqsadida zarur targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Yaqinda poytaxtimizda “Davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Bunday tadbirlar mamlakatimizning barcha viloyatlarida tashkil etiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror asosida yuridik xizmatlarning tubdan takomillashayotgani ularning samarali faoliyat yuritishiga, mamlakatimizda qonun ustuvorligi izchil ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Manba: O'zA