O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Slovakiya standartlar, metrologiya va sinov tashkiloti (UNMS SR) prezidenti Pavol Pavlis bilan onlayn tarzda uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Slovakiya o‘rtasida texnik tartibga solish sohasida keng qamrovli hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishga doir dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Standartlashtirish, texnik tartibga solish, metrologiya va sinov sohasida hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, SЕ markirovka yo‘nalishida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, texnik qo‘mitalar faoliyatini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, tomonlarning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish, Yevropa Ittifoqining yangi istiqbolli loyihalarini ishga tushirish va yanada chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik to‘siqlar, eksport-import maxsulotlarga qo‘yilgan talablarga  e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Slovakiya standartlar, metrologiya va sinov tashkiloti (UNMS SR) o‘rtasida hamkorlik yuzasidan Hamkorlik bitimi imzolashga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: Slovakiya standartlar, metrologiya va sinov tashkiloti (UNMS SR) Halqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Halqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC), Yevropa standartlarlashtirish tashkilotlari (CEN-CENELEC) a’zosi. ISO tashkilotini 46 ta texnik qo‘mitasida to‘laqonli, 444 ta texnik qo‘mitasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.