Kecha Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi Kichik va oʻrta biznes korxonalari departamenti direktori Yens Byolman boshchiligidagi Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari hamkorligida mahalliy eksportyor korxonalar uchun seminar tarzida davra suhbati tashkil qilindi.
Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi-nemis korxonalari uyushmalarini birlashtiruvchi muassasa hisoblanadi. Qoʻmita 1952-yildan buyon Rossiya, Belarus, Ukraina, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Janubiy-Sharqiy Yevropa bozorlarida nemis kompaniyalari manfaatlarini himoya qilib keladi. Ushbu tashkilot Germaniyaning iqtisodiyot va siyosat sektorlari oʻrtasida vositachi vazifasini bajaradi. Sharqiy qoʻmita Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan mustahkam aloqa oʻrnatgan boʻlib, davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasidagi rasmiy muloqotni muvofiqlashtirib boradi hamda ushbu mintaqalar uchun eng dolzarb maʼlumotlar toʻplamini ishlab chiqadi.
Seminar tarzidagi davra suhbatida Namangan, Fargʻona, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan tekstil, qurilish, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 14 ta korxona masʼullari ishtirok etishdi.
Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 29-sentyabrida Berlin shahrida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi shafeligida tashkil etilgan Iqtisodiy forum ishida ishtirok etganligi, Markaziy Osiyo-Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlar mintaqasi ekanligini taʼkidlaganiga eʼtibor qaratildi.
Davra suhbatida Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan mahalliy eksportyor korxonalarga Germaniya va Yevropa Ittifoqiga kirib borishdagi import talablari, savdodagi texnik toʻsiqlar, Yevropa standartlari va muvofiqlikni baholash tizimi, milliy sifat infratuzilmasi boʻyicha tushunchalar berildi va keng koʻlamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.
Ishtirokchilarga maʼlumot sifatida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” imzolanganligi, 8 ta yoʻnalishda (yashil iqtisodiyot, kiberxavfsizlik, qurilish, qishloq xoʻjaligi, raqamlashtirish, energetika, toʻqimachilik va kimyo sanoati) hamkorlik yoʻnalishlari belgilanib amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumot berildi.
Germaniya vakillariga Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi laboratoriyalari faoliyati va Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining etalonlarni rivojlantirishga qaratilgan laboratoriyalar texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Institutda milliy etalonlarni saqlash, ulardan foydalanish boʻyicha yaratilgan infratuzilma, ilmiy-sinov va sifat nazorati markazida laboratoriyalardagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va meʼyoriy talablarga mosligi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi va Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan eʼtirof etildi.
Tadbir yakunlari boʻyicha umumiy yondashuvlar kelishib olindi va muhokama qilingan yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish doirasida navbatdagi qoʻshma chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilandi.