Matbuot anjumani
Toshkent 29-iyun 2021-yil.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro andozalarga moslashtirish, standartlardan keng foydalanish muhitini yaratish yoʻlida
Respublikamiz Prezidentining texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, sohada zamonaviy uslublarni joriy qilishga oid imzolagan Farmon va Qarorlari mazkur soha oldida yangi davrni boshlab berdi.
Asosiy maqsad, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, jahon bozorlarida raqobatbardoshligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, bu Farmon Oʻzbekiston standartlar instituti oldiga ham muhim vazifalarni qoʻyadi.
Shuni aytish kerak, ushbu farmon standartlash, sertifikatlash va texnik jihatdan tartibga solish sohasida tub oʻzgarishlarni amalga oshirishga va sohani yangi bosqichga olib chiqishga asos boʻladi.
Jumladan, Farmonga asosan, 2021-yil 1-avgustga qadar standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan yangilashni toʻliq yakunlash vazifasi yuklatilgan.
Shu bilan birga, 2021-yil 1-noyabrga qadar inson omilini kamaytirish maqsadida, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali toʻliq avtomatlashtirish choralarini koʻrish aytib oʻtilgan.
Oʻzbekiston standartlar institutida ham bu borada qator amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda institutning http://uzsti.uz rasmiy veb-sayti orqali texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish hamda ushbu sayt orqali standartlarni elektron platforma orqali onlayn yetkazib berish joriy etildi.
Hozirda elektron platformaga 45000 dan ortiq xalqaro standartlar kiritildi va 69000 mingdan ortiq xalqaro standartlarni reyestri tuzildi.
Bu esa tadbirkor va mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatida yengilliklar va keng imkoniyatlar yaratilishiga asos boʻladi.
Mazkur Qarorga asosan, Standartlar instituti oldiga qoʻyiladigan dolzarb masalalardan yana biri, bu, sohada faoliyat olib borayotgan kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, sohada yetuk mutaxassislarni tayyorlashda xorijiy koʻnikmalardan foydalanish hamda hamkorlikning samarali tizimni joriy etish ekani taʼkidlandi.
Ushbu Qarorda 13000 dan ortiq sanoat korxonalari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni soha yoʻnalishlari boʻyicha 14 ta oliy taʼlim muassasalarida xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash sohalarida xorijiy ekspertlar yordamida milliy trenerlarni tayyorlash vazifasi ham belgilab berildi. Hozirda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalarida milliy trenerlarni tayyorlash ishlari boshlandi. Bunda Turkiya, Rossiya va Belorussiya davlatlarining malakali ekspertlari jalb etilmoqda.
Shu bilan birga, Farmon asosida Institut faoliyatida yana bir qancha yangi imkoniyatlar berildi, bular:
Xalqaro standartlashtirish tashkilotlari va xorijiy davlatlarning standartlashtirish idoralarining qoidalari va shartnomalariga muvofiq, xalqaro va xorijiy davlatlar standartlarini respublikada tarqatishga va ushbu tashkilotlarga badallarni toʻlab berishga;
Institut miqyosida ilmiy-texnik loyihalar rahbarligiga ilmiy darajaga ega xodimlarni (fan nomzodlari, falsafa doktorlari (PhD), fan doktorlari (DSc) fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb etishga ruxsat berildi.
Shuningdek, Qarorda standartlarni tarmoqlar va mahalliy korxonalarda standartlashtirish, mahsulot sifatini taʼminlashni oʻrganish va standartlarni joriy etish boʻyicha bosqichlari belgilangan sxemasi belgilab berildi.