Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi tubdan takomillashtiriladi.
Muhtaram Prezidentimizning texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, sohani xalqaro andozalarga moslashtirish, standartlardan keng foydalanish muhitini yaratish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilishga oid imzolagan Qaror va Farmonlari mazkur soha oldida yangi davrni boshlab berdi desak xato boʻlmaydi.
Asosiy maqsad mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarimizning sifatini oshirish, jahon bozorlarida raqobatbardoshligini taʼminlashga qaratilgan. Bundan tashqari tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sanoat korxonalari bilan tizimli ishlarni tashkil etish agentlik oldidagi muhim vazifa hisoblanadi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berildi:
- mutasaddi idoralar tomonidan xalqaro standartlar va texnik reglamentlarning jadal joriy etilishini muvofiqlashtirib borish;
- mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarni buzganlikda aybdor boʻlgan tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), sotuvchilar va ijrochilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash boʻyicha sudga murojaat qilish;
- korxonalarda texnik reglament va standartlar talablariga rioya etmaganlik uchun korxona va tarmoq rahbarlariga taqdimnomalar kiritish;
- texnik reglamentlar, standartlar va qonunchilikda belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni umumlashtirish va reyestrini yuritish.
Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yurtdoshlarimizga ham bir qator qulayliklar yaratiladi:
-sanitariya-epidemiologik xulosasi majburiy tartibda olinishi lozim boʻlgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini olish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu mahsulotlarni tayyorlovchilar (ishlab chiqaruvchilar), yetkazib beruvchilar va sotuvchilar ularning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligini taʼminlash uchun javobgar hisoblanadi;
-2021-yil 1-sentyabrdan boshlab ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bunda, muvofiqlikni deklaratsiyalash texnik reglament talablari asosida mahsulotning toʻliq sinovlari oʻtkazilgandan soʻng, ijobiy sinov natijalariga koʻra tuziladigan sinov bayonnomalari asosida muvofiqlik sertifikati berilmagan holda amalga oshiriladi;
-xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari aʼzosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari – muvofiqlikni baholash organlariga milliy akkreditatsiyadan oʻtmagan holda, akkreditatsiya doirasi haqida Oʻzbekiston akkreditatsiya markazini xabardor qilib, muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga ruxsat beriladi. Bunda, rasmiylashtirilgan muvofiqlikni baholash hujjatlarida ILAC/IAF tashkilotlarining tan olish belgilari koʻrsatilishi va ushbu hujjatlar ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi muvofiqlikni baholash organlari tomonidan taʼminlanishi shart.
- 2021-yil 1-noyabrdan boshlab import qiluvchilarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorga sifatli va xavfsiz mahsulotlarning kirib kelishini taʼminlash maqsadida:
a) xavflilik darajasi yuqori boʻlgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazgandan soʻng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan meʼyorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi. Bunda:
respublika hududiga olib kirilayotgan shu turdagi mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar ushbu mahsulotlar bojxona hududiga kelishidan kamida 15 kun oldin bojxona elektron dasturiga joylashtirilishi shart;
mahsulotlarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga oʻtkazish davlat bojxona xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan rasmiylashtirilgan tegishli muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi;
b) xavflilik darajasi yuqori boʻlmagan ayrim turdagi mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qatʼi nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda yigirma toʻrt oy davomida import qilishga ruxsat etiladi. Bunda:
mazkur tartib muvofiqlik sertifikatida koʻrsatilgan aynan bir ishlab chiqaruvchining mahsulot turlariga nisbatan amal qiladi;
-mazkur soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini taʼminlash uchun ushbu tovarlarni olib kirayotgan tadbirkorlik subyektlari javobgar hisoblanadi;
- respublikamizga olib kelinadigan mahsulotlarning texnik reglamentlar, standartlar va qonun hujjatlari bilan belgilangan talablarga muvofiqligi ustidan nazorat Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki uning tuzilmasidagi vakolatli tashkilot tomonidan xavf-xatarlar tahlili asosida amalga oshiriladi;
- texnik reglamentlar, standartlar va qonun hujjatlari bilan belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar roʻyxatini yuritish Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yoki uning tuzilmasidagi vakolatli tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, roʻyxatga kiritilgan mahsulotlarni, roʻyxatga olingan kundan boshlab 6 oy muddatgacha roʻyxatdan chiqarish, nomuvofiq deb topilgan tegishli mahsulotni ishlab chiqaruvchi (uning rasmiy vakili) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, erkin muomalaga chiqarish taqiqlanadi.
-tashkilot standartlari toifasiga kiruvchi standartlashtirishga doir normativ hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bekor qilish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari tomonidan tashkilot standartlarini ekspertizadan oʻtkazish ishlarini haq olmasdan amalga oshirish haqidagi takliflari maʼqullansin.
Bunda, tashkilot standartlarida belgilanadigan koʻrsatkichlar (talablar) Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan tegishli mahsulotlarga oid standartlar talablaridan past boʻlgan hollarda, ushbu tashkilot standartlariga asosan mahsulot muvofiqligini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
- Belgilab qoʻyilsinki, mahalliy muvofiqlikni baholash organlarida mahsulotning xorijiy davlatlarning standartlariga muvofiqligini baholash uchun xorijiy davlatlar standartlarining Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi talab qilinmaydi.
- 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun:
a) mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi yoki olib kiruvchi tomonidan rioya etilmagan hollarda yuridik shaxslarga:
huquqbuzarlik ogohlantirishdan soʻng birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima;
ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yil davomida takroran sodir etilganda– realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 100 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima;
- qonunchilik hujjatlari, texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalari buzilgan hollarda mansabdor shaxslarga:
-huquqbuzarlik ogohlantirishdan soʻng birinchi marta sodir etilganda – bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima;
-shunday huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilganda – bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima koʻrinishidagi taʼsir choralari belgilanadi.
Bunda, qonunchilik hujjatlari va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar erkin muomaladan chiqarilishi va yoʻq qilinishi lozim. Moliyaviy jarimaning toʻlanishi mazkur talabning bajarilishidan ozod etmaydi.
Shuningdek Agentlik tizimidani institutlar faoliyatida ham qaror asosida bir qancha imkoniyatlar berildi.
-Standartlar institutiga xalqaro standartlashtirish tashkilotlari va xorijiy davlatlarning standartlashtirish idoralarining qoidalari va shartnomalariga muvofiq, xalqaro va xorijiy davlatlar standartlarini respublikada tarqatishga va ushbu tashkilotlarga badallarni toʻlab berishga;
-Standartlar instituti va Milliy metrologiya institutiga ilmiy-texnik loyihalar rahbarligiga ilmiy darajaga ega xodimlarni (fan nomzodlari, falsafa doktorlari (PhD), fan doktorlari (DSc) fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb etishga ruxsat berilsin.