“O‘zstandart” agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida navbatdagi matbuot anjumani “ Sof o‘lchashlar taraqqiyot kafolati” mavzusida tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Agentlik Bosh direktorining o‘rinbosari J.Shukurov ishtirok etib, hozirgi kunda mamlakatimizda “O‘zstandart” agentligi tizimini rivojlantirishga berilayotgan e’tibor xususida to‘xtalib, so‘nggi uch yil ichida standartlashtirish, sertifikatlashtirish, muvofiqlikni baholash va metrologiya sohalarida ijobiy natijadorlikka erishliganli, shu bilan birga, Agentlik oldidagi dolzarb vazifalarning ijrosini ta’minlash yuzasidan ham ma’lumot berdi.
Matbuot anjumani mavzusiga ko‘ra, respublikamizda o‘lchovlarning yagonaligini ta’minlash va milliy etalonlar bazasini rivojlantirishning dolzarbligiga oid O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan ko‘rgazmali ma’lumotlar jurnalistlarga taqdim etildi.


Uchrashuvda metrologiya sohasi va xizmatlarini ko‘rsatish yildan-yilga rivojlanib borayotgani, shunga yarasha qonuniy asoslar ham amaliyotga tatbiq etilayotgani aytib o‘tildi.
Joriy yilning 7-aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Metrologiya to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda) O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. Mazkur qonuning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga doir normativ hujjatlar sifatida o‘lchashlarni bajarish, o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish, sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish va o‘lchash vositalarini kalibrlash uslubiyotlari belgilab qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida metrologiya xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va unda belgilangan muhim vazifalar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.