Xalqimiz azal-azaldan o‘z yurtini bosqinchilardan himoya qilgan, uning erkinligi, ozodligi uchun kurashgan qahramonlarini e’zozlab kelgan.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat ko‘rsatish tom ma’noda milliy an’anaga aylandi.
Beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq O‘zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lganini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan xalqimiz o‘zining naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma’naviyatini yaqqol namoyon etdi.
Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada xalqimizning ham mardonavor va salmoqli hissasi unutilmas haqiqatdir. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlarini unutmaslikka, tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga, shuningdek, doimo ogoh va hushyor bo‘lishga, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
“O‘zstandart” agentligi jamoasi ham yurtimizda 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami munosabati bilan xalqimizni erishilgan ulkan g‘alaba bilan tabriklaydi. Vatanimizga tinchlik, xalimizga farovonlik tilaydi. Osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin!