Buxoro Sinov va sertifikatlashtirish markazi tomonidan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvi tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligining Xalifa Xudoyidot jome’ masjidi imom xatibi O.Sa’dullayev taklif etildi.
Ma’rifiy uchrashuvni markaz direktori A.Muxtorov kirish so‘zi bilan ochib, barchani muborak juma ayyomi va ramazon oyi bilan tabrikladi.
Shundan so‘ng O.Sa’dullayev suzga chiqib, “Islom mo‘’tadil din” mavzusida ma’ruza qildi..
Darhaqiqat Islom dinini Alloh taolo odamlarga mashaqqat tug‘dirmaydigan oson va yengil qilib nozil qilgandir. Zero, Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida islom mo‘’tadil din ekani, unda qiyinchilik yo‘q ekanligi atroflicha yoritilgan.
E’tiborlisi, barcha ibodatlar bandalarning toqat va imkoniyatlariga qarab buyuriladi. Masalan, ro‘za ibodatini olsak, bir kishi xastaligi kuchayishi yoki sog‘ayishining kechikishidan qo‘rqsa, safarda yurgan kishi ro‘za tutishga qiynalsa, homilador yoki emizikli ayol go‘dagiga ziyon yetishidan xavotirda bo‘lsa, bunday kishilar o‘sha vaqtda ro‘za tutmasliklariga ijozat berilgan. Ular ro‘za tutishga mone bo‘lgan sabablar ketganidan so‘ng, qoldirgan kunlarining qazosini tutib beradilar. Tabarruk yoshdagi otaxon va onaxonlar umuman ro‘za tuta olmasalar har kungi ro‘za uchun bir miskin taomi miqdorida fidya beradilar.
Sog‘lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini ta’limotida mo‘’tadillik g‘oyasi yotadi va unga amal qilish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Zero, mo‘’tadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo‘l qo‘yish, qattiq olish yoki o‘ta bo‘sh qo‘yib yuborish o‘rtasida bo‘lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.
Uchrashuv nihoyasida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.