27-30 aprel kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar kompleksida Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda sanoat, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, tarmoqlarga zamonaviy texnika va texnologiyalarning jalb etilayotgani ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati, ularning raqobatbardoshligini ta’minlamoqda. Ularni iste’molchilarga yetkazib berishda esa Toshkent shahari hamda viloyatlar markazlarida tashkil etilayotgan sanoat yarmarkalari, ko‘rgazmalarining o‘rni katta bo‘layapti. 

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 martdagi “2016 yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil qilish va o‘tkazish chora-tadbirlari haqida”gi 67-sonli qaroriga asosan joriy yilning 27-30 aprel kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar kompleksida Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Yarmarkada Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoateksport”, XK, “O‘zbekcharmpoyafzal” AK, “O‘zoziqovqatxolding” XK, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zvinosanoat-xolding” XK, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK hamda “O‘zmaxsusmontajqurilish” AK va ular tarkitbiga kiruvchi korxonalar, ya’ni mebel, oziq ovqat, elektrotexnika, qurilish materiallari, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 700dan ortiq korxona hamda tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mahsulotlari bilan qatnashishdi.

Yarmarkada “O‘zstandart” agentligi “Toshkent sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi mutaxassislari ham ishtirok etishib, sanoat korxonalari vakillari, tadbirkorlar va mahsulot ishlab chiqaruvchilar bilan mahsulotlarni sertifikatlash, sifat tizimlarini joriy etish borasida shartnomalar imzolashdi. Shuningdek tadbirkorlarning ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yanada yaxshilashda nimalarga e’tibor berish borasidagi savollariga bevosita yarmarka davomida javob berishdi.