Kolumbiyaning Kartagena shahrida Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti (ISO)ning navbatdagi Bosh Assambleya yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. 2024-yilning 9–13-sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov rahbarligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishda 164 ta mamlakat a’zolari o‘rtasida standartlashtirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, milliy iqtisodiyot, sanoat, axborot texnologiyalari, atrof muhit, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohadagi standartlarni takomillashtirish va texnik tartibga solish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligi va AQSH, Avstraliya, Avstriya, Argentina, Braziliya, Kolumbiya, Slovakiya, Rossiya hamda Xitoy davlatining standartlashtirish tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazilishi va tegishli hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun: Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti (ISO) butun jahon mamlakatlari uchun umumiy bo‘lgan xalqaro standartlarni ishlab chiqish hamda standartlashtirish sohasida jahon miqyosida hamkorlik qilish bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilot hisoblanadi. 1946-yilda tashkil topgan, bosh qarorgohi Jeneva shahrida (Shveytsariya), rasmiy tillari ingliz, fransuz va rus. A’zo mamlakatlar soni 164 ta, O‘zbekiston 1994-yildan mazkur tashkilotga to‘laqonli (full member) a’zo hisoblanadi. Mazkur xalqaro tashkilotda O‘zbekiston Respublikasi nomidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyat ko‘rsatadi.