Koreya Respublikasining Seul shahrida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Koreya Standartlashtirish Uyushmasi (KSA) prezidenti janob Myung-soo Kang hamda Koreya standartlar va texnologiyalar agentligi (KATS) direktor o‘rinbosari janob Changjong Ahn bilan uchrashdi.

Koreya Standartlashtirish Uyushmasi (KSA) prezidenti janob Myung-soo Kang Janubiy Koreyaning Asan shahrida bo‘lib o‘tgan 19-xalqaro standartlar olimpiadasida ilk bora ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi katta hurmat va taassurot qoldirganini qayd etdi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, Toshkent shahridagi Prezident maktabi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchilaridan iborat ikki guruh oltin va kumush medallariga loyiq ko‘rilganini, O‘zbekiston Hukumati tomonidan yoshlar o‘rtasida standartlashtirish sohasiga e’tibor yaqin kelajakda o‘zining ijobiy natijasini berishini bildirdi.

Suhbat chog‘ida Koreya Standartlashtirish Uyushmasi (KSA) bilan milliy texnik qo‘mitalar faoliyati, ularning ISO va IEC xalqaro texnik qo‘mitalarida faolligini oshirish, milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, raqamlashtirishni joriy etish, korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha fikr almashildi va tajriba o‘rganildi.

Uchrashuv natijasiga ko‘ra, standartlashtirish va sohada malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan Hamkorlik kelishuvi  imzolashga kelishildi.

Koreya standartlar va texnologiyalar agentligi (KATS) direktor o‘rinbosari janob Changjong Ahn) bilan uchrashuvda hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilinib, bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi. Suhbatda qo‘shma loyihalar, innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar barpo etish va hamkorlik masalalarining yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakuni bo‘yicha tomonlar hamkorlik formati va hamkorlik yuzasidan memorandum loyihasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.