Koreya Respublikasining Anyan shahrida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Koreyaning "Korea Apparel Testing & Research Institute" (KATRI) vitse prezidenti Beom-cheon Lee bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida KATRI kompaniyasi bilan 2024-2026-yillar davomida "Uzbekistan Textile Standard & Certification Capacity Building Program" grant dasturi loyihasi doirasida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli ishlar ko‘rib chiqildi.

Hamkorlikning tekstil mahsulotlari muvofiqligini baholash yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

"Keng delegatsiyangiz bilan KATRIga amalga oshirayotgan tashrifingizni KATRI bilan ko‘p qirrali hamkorlik rivojiga katta e’tiborning yana bir tasdig‘i sifatida qabul qilamiz", — dedi (KATRI) vitse prezidenti Beom cheon Li.

Hamkorlikning tub yo‘nalishlari sifatida bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi. Jumladan, muzokaralar chog‘ida kelgusi 3 yilda Koreya tomonidan moliyaviy-texnik ko‘makni jalb qilgan holda bolalar o‘yinchoqlarini sinov laboratoriyasini barpo etish ham muhim ekanligi ta’kidlandi.

KATRIning tekstil va o‘yinchoq mahsulotlari sinov laboratoriyalar majmuasida bo‘lib, mavjud sinov uskunalari va sinov jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.

Uchrashuv natijasiga ko‘ra, 2024–2026-yillarda tekstil yo‘nalishida standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasini rivojlantirishga qaratilgan Hamkorlik kelishuvi imzolandi. Shuningdek, tekstil sohasida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportini oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratish uchun to‘qimachilik standartlari va muvofiqlikni baholash bo‘yicha kadrlar tayyorlash, mutaxassislarni Koreyada amaliyot o‘tashi, seminar-treninglar tashkil etish va xorijiy ekspertlarni jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.