Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtayotgan Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) Bosh Assambleya yigʻilishi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Saudiya standartlar, metrologiya va sifat tashkiloti (SASO), Qatar standartlashtirish tashkiloti (QS) delagatsiyasi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar chogʻida mamlakatlar oʻrtasida texnik tartibga solish, ctandartlashtirish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Saudiyaning SABER platformasi, texnik tartibga solish va standartlashtirish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish, meʼyoriy hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashuvi, mahsulotlar importi va eksport talablari, trening va oʻquv kurslari mavzulariga eʼtibor qaratildi.
Milliy texnik qoʻmitalar faoliyati, ularning ISO va IEC xalqaro texnik qoʻmitalarida faolligini oshirish, milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish, standartlar tarjimasi boʻyicha fikr almashildi va tajriba oʻrganildi.
Uchrashuv natijasiga koʻra, texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish sohasida hamkorlikga qaratilgan hujjat imzolashga kelishildi.
Maʼlumot uchun: Saudiya standartlar, metrologiya va sifat tashkiloti (SASO) faoliyati 1972-yildan boshlangan. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning toʻlaqonli aʻzosi. ISO tashkilotini 201 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 159 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi, IEC tashkilotini 30 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 21 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi sifatida faoliyat yuritadi.
Qatar standartlashtirish tashkiloti (QS) faoliyati esa 1990-yildan boshlangan. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning toʻlaqonli aʻzosi. ISO tashkilotini 19 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 20 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi, IEC tashkilotini 1 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 2 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi sifatida faoliyat yuritadi.