Joriy yilning 13-noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida SMIICning navbatdagi 19-Bosh Assambleya yigʻilishi o‘z ishini boshladi. 40 dan ortiq aʼzo davlatlar qatorida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov rahbarligidagi delegatsiya vakillari ham mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etmoqda.

Bosh Assambleya yigʻilishida quyidagi masalalar muhokama qilinadi: turli sohalarda standartlarni ishlab chiqish, ularni takomillashtirish va tartibga solish, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, aʼzo mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirish.

Ushbu yigʻilish doirasida respublikamizda SMIIC standartlarni keng joriy etish orqali eksport salohiyatini oshirish hamda aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkaziladi va tegishli hujjatlar imzolanadi.

Maʼlumot uchun: SMIIC turli sohalarda xalqaro standartlarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadigan xalqaro tashkilot. Aʼzo davlatlar soni 52 tani tashkil etadi, shundan 48 ta toʻlaqonli aʼzo davlatlar (Full member), assotsiyalashgan aʼzo davlatlar soni 4 tani tashkil etadi (Oʻzbekiston 2019-yildan mazkur xalqaro tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi).