Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtayotgan Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) Bosh Assambleya yigʻilishi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Misr standartlashtirish va sifat tashkiloti (EOS), Eron milliy standartlashtirish tashkiloti (INSO) vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar chogʻida mamlakatlar oʻrtasida texnik tartibga solish, standartlashtirish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Standartlashtirish, sertifikatlashtirish sohasidagi meʼyoriy hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashuvi, mahsulotlar, jarayonlar va xizmatlarni sertifikatlash, menejment tizimlarini sertifikatlash, trening va oʻquv kurslari, Savdoda texnik toʻsiqlarni qoʻllash boʻyicha kelishuv va Jahon savdo tashkilotining axborot markazini boshqarish, Sifat belgisi mavzulariga eʼtibor qaratildi.
Milliy texnik qoʻmitalar faoliyati, ularning ISO va IEC xalqaro texnik qoʻmitalarida faolligini oshirish, milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish, standartlar tarjimasi boʻyicha fikr almashildi va tajriba oʻrganildi.
Uchrashuv natijasiga koʻra, texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish sohasida hamkorlikga qaratilgan hujjat imzolashga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun: Misr standartlashtirish va sifat tashkiloti (EOS) faoliyati 1957-yildan boshlangan. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning toʻlaqonli aʻzosi. ISO tashkilotini 109 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 274 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi, IEC tashkilotini 31 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 62 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi sifatida faoliyat yuritadi.
Eron milliy standartlashtirish tashkiloti (INSO) faoliyati 1925-yildan boshlangan. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning toʻlaqonli aʻzosi. ISO tashkilotini 364 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 340 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi, IEC tashkilotini 54 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 107 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi cifatida faoliyat yuritadi.