"Xitoy avtomobil standartlashtirish tadqiqot instituti" (CATARC) tomonidan Shenjen shahrida tashkillashtirilgan "2–Jahon avtomobil standartlari va innovatsion konferensiyasi"da (WASIC) O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutaxasislari ishtirok etdi.

Konferensiyada avtomobil sanoatidagi yangi tendentsiyalarni o‘rganish va xalqaro tajriba almashish bo‘yicha fikr almashildi hamda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, yashil va past uglerodli, raqamli va aqlli dvigatellar va avtomobilsozlik sanoatining barqaror rivojlanishiga yordam beruvchi standartlariga bag‘ishlangan taqdimot ham o‘tkazildi.

Konferensiya davomida xorijiy davlatlar idoralari vakillari tomonidan maʼruzalar qilinib, avtomobil sanoatining dolzarb masalalari va rivojlanish yo‘nalishlari muhokama markazida bo‘ldi.

Jumladan, avtomobil sanoatida umumiy sanoat manfaatlarini o‘rganish, manfaatdor tomonlar o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlikni kuchaytirish hamda jahon avtomobilsozlik sektorining barqaror va sifatli rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan masalalar tahlil qilindi.

Shu bilan bir qatorda, konferensiyaning yakunida "Shenzhen Intelligent Networked" transport sinov va namoyish platformasiga hamda "HUAWEI" kompaniyasiga ekskursiya uyushtirilib, delegatsiya mutaxassislariga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar yaqindan tanishtirildi.