Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori oʻrinbosari Odiljon Tohirov hamda Ozarbayjon standartlar instituti (AZSTANDART) direktori Ilhom Bayramov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Ozarbayjon standartlashtirish sohasida hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, standartlashtirish sohasida hamkorlik koʻlamini kengaytirish, texnik qoʻmitalar faoliyatini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Ozarbayjon standartlar instituti (AZSTANDART) direktori Ilhom Bayramov Oʻzbekistonning Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) va muvofiqlikni baholash organlarining xalqaro ILAC/IAF tashkilotlaridagi faoliyati, davlatlararo koʻp tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi nufuzli xalqaro tuzilma Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonlarini faollashganini eʼtirof etdi.
Oʻzbekiston–Ozarbayjon oʻrtasida soha yoʻnalishida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, tomonlarning ulkan salohiyatidan toʻliq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishga kengaytirish va yanada chuqurlashtirish boʻyicha fikr almashildi.
Eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik toʻsiqlar, eksport-import maxsulotlarga qoʻyilgan talablarga eʼtibor qaratildi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrishga sobit ekanliklarini bildirdilar.
Maʼlumot uchun: Ozarbayjon standartlar instituti (AZSTANDART) faoliyati 2017-yildan boshlangan. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti (SMIIC)ning toʻlaqonli aʼzosi. ISO tashkilotining 11 ta texnik qoʻmitasida toʻlaqonli, 42 ta texnik qoʻmitasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.