Maʼlumki, har yili barcha mamlakatlarda 14-oktyabr Butunjahon standartlar kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan bu yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 9—11-oktyabr kunlari "Rossiya standartlashtirish haftaligi" doirasida Xalqaro texnologiyalar forumi boʻlib oʻtmoqda.
Har yili oʻtkaziladigan ushbu xalqaro anjuman, mintaqaviy va milliy standartlashtirishni rivojlantirish tendensiyalari, standartlarni ishlab chiqishning dolzarb anʼanalari, texnik jihatdan tartibga solishning yangi muammolari va yechimlari, ushbu sohadagi zamonaviy vositalar va imkoniyatlarni muhokama qilish uchun standartlashtirish sohasidagi muhim anʼanaga aylangan.
Xalqaro forumda standartlashtirish sohasidagi xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy va taʼlim markazlari vakillari qatorida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari ham ishtirok etmoqda.
Muhokama qilingan masalalar qatorida, standartlashtirish va iqtisodiyotda barqaror rivojlanish, menejment tizimlari sohasida xalqaro va milliy standartlarni qoʻllash amaliyoti, ixtiyoriy sertifikatlash: sifat kafolati va isteʼmolchilar ishonchi ham joy olgan.
Forumda "Yil standartchisi" mukofoti uchun tanlov gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Quvonarlisi ushbu xalqaro tanlov gʻoliblari ichida Oʻzbekiston vakillari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti Standartlashtirish boshqarmasi hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ vakillari ham bor.
Fursatdan foydalanib gʻoliblarni va barcha standartlashtirish sohasi vakillarini kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz.