Texnik reglamentlarning mazmuni
Texnik reglamentlarning mazmuni
Texnik reglamentlarda mahsulotning zarar yetkazish xavfi va xatari darajasi hisobga olingan holda:
biologik xavfsizlikni;
mexanik xavfsizlikni;
kimyoviy xavfsizlikni;
yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni;
yong‘in xavfsizligini;
elektr xavfsizligini;
mashinalarni va asbob-uskunalarni ishlatish (ulardan foydalanish) hamda utilizatsiya qilish xavfsizligini;
elektromagnit mosligini;
ekologik xavfsizlikni;
sanoat va ishlab chiqarish xavfsizligini;
portlash xavfsizligini;
axborot xavfsizligini;
sinash va o‘lchash usullarining birligini ta’minlovchi talablar, shuningdek mahsulot xavfsizligini ta’minlashga doir boshqa talablar belgilanishi mumkin.
Texnik reglamentlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
qaysi mahsulotlarga nisbatan xavfsizlik talablari belgilanayotgan bo‘lsa, o‘sha mahsulotlarning to‘liq ro‘yxatini;
xavf darajasi hisobga olingan holda aniqlanadigan muvofiqlikni baholash qoidalari, shakllari va tartib-taomillarini.
Texnik reglamentlar muvofiqlikni tasdiqlash sxemalarini, berilgan muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish tartibini, atamalarga, o‘rovga, tamg‘alashga yoki yorliqlarga doir talablarni va ularni qo‘llash qoidalarini o‘z ichiga olishi mumkin.
Texnik reglamentlarda mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga doir talablar bo‘lmasligi kerak, bundan mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga nisbatan insonning hayotiga va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi xavfi darajasi hisobga olingan holdagi talablar mavjud emasligi sababli mahsulot xavfsizligi ta’minlanmaydigan hollar mustasno.
Texnik reglamentlarda xaridorlarni (iste’molchilarni) ehtimol tutilgan zarar to‘g‘risida hamda insonning hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilishi xavfi qaysi omillarga bog‘liq bo‘lsa, o‘sha omillar haqida xabardor qilishga taalluqli talablar mavjud bo‘lishi mumkin.
Texnik reglamentlarda mahsulot xavfsizligiga doir quyidagi maxsus talablar bo‘lishi mumkin:
qonunchilikda belgilangan ayrim toifadagi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga doir talablar;
tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda insonning hayoti va sog‘lig‘ini saqlashga, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni hamda moddiy zararni kamaytirishga doir talablar, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga, davlat mulkiga tahdid soluvchi transchegaraviy xavfli ishlab chiqarish obyektlariga taalluqli talablar.
Davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan texnik reglamentlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.
Texnik reglamentlar tugal bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi hamda faqat ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan o‘zgartirilishi hamda to‘ldirilishi mumkin.