Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish Agentligida davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Yoshlar Parlamenti aʼzosi, Respublika Yoshlar Parlamenti raisi Sobitov Otabekxoʻja kitob haqida gapirar ekan, kitobda Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni qurish boʻyicha qilinayotgan ishlar va milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritilganligini qayd etdi. Maʼruzachi kitob haqida gapirarkan, oʻz soʻzini mashhur yunon faylasufi Suqrotning “Oʻzgalarni oʻzgartirmoqchi boʻlgan inson, avvalo, oʻzini oʻzgartirishi lozim. Buning uchun esa, aniq maqsad, tolmas iroda va doimiy izlanish kerak” degan soʻzlari necha ming yil oldin aytilgan boʻlsa-da, ammo hozirga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganligi, bugun biz Prezidentimiz boshchiligida Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini yaratish, yangi demokratik jamiyatni barpo etishdek ulugʻ maqsad ortidan yoʻlga chiqayotgan ekanmiz, demakki, bunga erishish uchun oldimizda aniq rejalar boʻlmogʻi lozimligini alohida taʼkidladi. Yurtimizda “Hammasi xalq uchun” gʻoyasi ostida amalga oshirilayotgan islohotlar va bugun har bir fuqaro oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni his etayotganligini taʼkidlar ekan, davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida keyingi 5 yilda amalga oshiriladigan strategik yoʻl aniq va ravshan bayon etilganligini qayd etdi.