Mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, haydovchi va piyodalarga turli qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi «Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Qarorga muvofiq 2017-yil 1-oktabr – 2020-yil 31-dekabr davrida milliy haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalariga almashtirish haydovchilar tomonidan pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilganda amalga oshiriladi. 

Milliy haydovchilik guvohnomasi xalqaro standartlar asosida plastikdan tayyorlanadi. Guvohnoma o‘lchami 54x86 millimetrni tashkil etadi. Guvohnomaning rangi – och pushti. Seriyali raqami ikki harfli, nomeri olti raqamli bo‘ladi. Guvohnomada jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR) va qurilmalar o‘rtasida ma’lumotlarni bevosita aloqasiz amalga oshirish imkonini beruvchi maxsus elektron belgi NFC smart-karti bo‘ladi. 

Milliy haydovchilik guvohnomasining plastik shakli himoya vositalariga ega. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri shaklidagi gologramma nishablikning turlicha burchagida o‘z shaklini o‘zgartiradi. Maksimum 30 mikron o‘lchamdagi «Haydovchilik guvohnomasi», «Voditelskoye udostvoreniye», «Driving license» yozuvli mikromatn, ultrabinafsha qoplama, egilganda bir rangdan boshqa rangga tovlanadigan optik turlanadigan «UZ» yozuvli bo‘yoq, doimiy ravishda qiyshayib turadigan to‘lqinli chiziqlarning qalin tarmog‘i shaklidagi naqsh, seriyali raqamining lazer o‘yma naqshi kabi mukammal himoya vositalarga ega. 

Guvohnomaning old tomonidan fotosurat uchun joy nazarda tutilgan. «Haydovchilik guvohnomasi», «Voditelskoye udostvoreniye», «Driving license» so‘zlari yozilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan. O‘zbekiston Respublikasining nomi o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan. Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konvensiyaning tegishli bandlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar majburiy tartibda ko‘rsatiladi. 

Guvohnomaning orqa tomonida Yo‘l harakati to‘g‘risidagi konvensiyaning tegishli bandlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar majburiy tartibda ko‘rsatiladi. Alohida belgilar uchun joy nazarda tutilgan. Yangi nusxadagi guvohnomada A, V, S, D, VE, SE va DE toifalari bo‘ladi. Ushbu toifalarni boshqarish uchun milliy haydovchilik guvohnomasining haqiqiyligi tegishli piktogrammalar bilan ifodalangan. 

E toifasi uchga bo‘lingan. Bunda VE – A toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga, SE – D toifasiga kirmaydigan, to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini tirkama bilan boshqarishga, DE – yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan, haydovchi o‘rnidan tashqari o‘rindig‘i sakkiztadan ortiq avtomobillarni tirkama bilan boshqarishga ruxsat berilishini bildiradi. 

Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma ham yangilandi. Bu guvohnomaning o‘lchami ham 54x86 millimetr bo‘lib, plastikdan tayyorlanadi. Guvohnomaning rangi – ko‘k. Seriyali raqami ikki harfli, nomeri olti raqamli bo‘ladi. Guvohnomada jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR), yuridik shaxs uchun soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va qurilmalar o‘rtasida bevosita aloqasiz axborot ayirboshlash imkonini beruvchi elektron belgi NFC smart-karti bo‘ladi. Ular mukammal himoya vositalariga ega. 

Guvohnomaning old tomonida «Avtomototransport vositasi ro'yxatdan o'tkazilganligi to'g'risida guvohnoma», «Svidetelstvo o registratsii avtomototransportnogo sredstva», «Vehicle license» so‘zlari yozilgan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan. «O‘zbekiston Respublikasi» so‘zi davlat tilida, rus va ingliz tillarida yozilgan. Avtomototransport vositasining davlat raqam belgisi, markasi, modeli, rangi, avtomototransport vositasining egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, guvohnoma berilgan sana, Yo‘l harakati boshqarmasining bo‘limi, jismoniy shaxs uchun – shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR), yuridik shaxs uchun soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) majburiy tartibda ko‘rsatiladi. 

Guvohnomaning orqa tomonida avtomototransport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ya’ni ishlab chiqarilgan yili, turi, kuzov/shosse raqami, to‘la vazni, yuksiz vazni, dvigatelning toifasi va quvvati, yonilg‘i turi, o‘rindiqlar soni, tik turiladigan o‘rinlar soni hamda alohida belgilar majburiy tartibda ko‘rsatiladi. 

Joriy etilayotgan mazkur yangiliklar mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichi bo‘lib, bosqichma-bosqich avtomototransport vositasini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda amalga oshiriladi. Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2021-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA

Manba: O'zA