O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi «Davlat organlari faoliyatining ochiqligi: samarali mexanizmlar» mavzusida seminar o‘tkazdi.

Quyi palata Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlash, keng jamoatchilikni O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning amalga oshirilish jarayoni haqida xabardor etish mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish, kuchli fuqarolik jamiyatini qurishning muhim yo‘nalishlari ekanini ta’kidladi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga ularning qonuniy huquq va erkinliklariga daxldor axborotlarni taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy etish davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 5-maydagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘layotir. Qonun fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanishini huquqiy kafolatlash bilan bir qatorda davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning shakl va uslublari, davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi. 

Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-noyabrdagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirildi. Kengash ishlab chiqqan metodika hamda reglament asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi monitoringi olib borilmoqda. Monitoring natijalari har yili ikki marotaba (1-yanvar va 1-iyul holatiga) e’lon qilib borilmoqda. 

Seminar ishtirokchilari jamoatchilik kengashi faoliyati, kengash tomonidan amalga oshirilayotgan davlat organlarining «ochiqlik indeksi»ni baholash va monitoringini o‘tkazish natijalari bilan tanishdi. Davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, ishonchli va dolzarb axborotni jamoatchilikka yetkazishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishdagi ijobiy tajribalar o‘rtoqlashildi. 

Tadbirda davlat organlari qoshida jamoatchilik maslahat kengashlarini shakllantirish, «Ishonch telefonlari»ning faoliyatini belgilovchi tashkiliy-texnik qoidalarni qonunchilik bilan mustahkamlash singari amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha fikrlashildi.

 

Manba: O‘zA