Toshkent shahrida 2017-yil 20-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining navbatdan tashqari qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Qurultoyda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19-iyundagi «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi oldida turgan dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda xususiy mulkdorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlardan ishonchli huquqiy kafolatlarni ta’minlab beradigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi.
Mamlakatimizda 525 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Yalpi ichki mahsulotning 56 foizdan ortig‘ini shakllantirayotgani, mehnatga layoqatli aholining 78 foizdan ziyodini ish bilan ta’minlayotgani kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni va roli tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni ijro etish, jumladan, biznes sohasi vakillari va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqot va foydali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, xususiy mulk va tadbirkorlikning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, viloyatlar va tumanlarda biznes-muhitni takomillashtirish masalalari bo‘yicha, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga, avvalo, viloyatlar, shahar va tumanlarda sifatli davlat xizmatlari taqdim etilishini ta’minlash davlat organlari va tadbirkorlik tuzilmalarining o‘zaro hamkorligini, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini endi boshlagan davrlarda ularni qo‘llab-quvvatlashning yangi samarali tizimini yaratishni taqozo etadi.
Bu o‘rinda iqtisodiyotda xususiy sektor pozitsiyalarini mustahkamlash maqsadida 2004-yilda tadbirkorlik subyektlarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va vakolatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish dolzarb ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Binobarin, palata tashkil etilgandan beri mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari ikki baravar, sektorda ish bilan band bo‘lganlar bir yarim baravarga ortgani ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalash, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashni taqozo etmoqda. Bunda Savdo-sanoat palatasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Savdo-sanoat palatasi tomonidan Prezidentimiz va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida bevosita muloqotlarni ta’minlash maqsadida uchrashuvlar tashkil etilishi barcha tadbirkorlarni quvontirdi, – deydi «Dentafill Plyus» korxonasi rahbari Sarkor Esonboyev. – Bu davlat idoralari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikning oliy ko‘rinishi sifatida biz tadbirkorlar oldida turgan har qanday g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etilishini ta’minlash, o‘z g‘oya va takliflarimiz bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish imkoniyatini yaratadi.
Davlatimiz rahbarining «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Savdo-sanoat palatasi me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Ya’ni, tadbirkorlik sohasidagi barcha loyihalar majburiy ravishda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilishi zarur.
Nazorat organlari tomonidan rejalashtirilgan tekshiruvlar haqida avvaldan Savdo-sanoat palatasiga xabar berilishi, shuningdek, davlat organlari, jumladan, nazorat va huquqni muhofaza qilish organlari huzurida tashkil etiladigan jamoat maslahat kengashlari tarkibiga Savdo-sanoat palatasi vakillarining kiritilishi tartibi joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni, berilgan qo‘shimcha huquq va vakolatlarni to‘liq va samarali amalga oshirish maqsadida farmon ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda Savdo-sanoat palatasining tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini tubdan takomillashtirish nazarda tutilgan.
– Bir necha yil avval ikki kishi bilan faoliyatimizni boshlagan edik, – deydi «Beka Charos» korxonasi rahbari Gulbeka Qo‘chqorova. – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar samarasida bugunga kelib korxonamizdagi ish o‘rinlari soni qariyb elliktaga yetdi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlarining tashkil etilishi faoliyatimizda uchraydigan har qanday masalani bir joyda hal qilishga imkon yaratadi.
Ta’kidlash kerakki, Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatib kelayotgan «yagona darcha» markazlari bilan bir qatorda bank, lizing, sug‘urta, auditorlik, baholash, rieltorlik kompaniyalari kabi bozor infratuzilmasi subyektlarini ham birlashtirishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, biznesni tashkil etish va yuritishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, sifatli davlat xizmatlarini taqdim etish, shuningdek, biznes-muhitni takomillashtirish masalalari bo‘yicha tadbirkorlar bilan axborot almashinuvining samarali usulini joriy etish imkonini beradi. Bu pirovardida mamlakatimizda xususiy mulk va tadbirkorlikning yanada rivojlanishi, chet el investitsiyalarining keng jalb qilinishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqishiga xizmat qiladi.
Qurultoyda tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimlarida ishlab kelayotgan A.Ikromov O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi etib saylandi.
Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi U.Ismailov ishtirok etdi.
Manba: O'zA