“O‘zstandart” agentligi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra navbatdagi sayyor qabul Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda tadbirkorlar, va kichik biznes vakillari ishtirok etib, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalaridagi yangiliklar hamda bu yo‘nalishlarda o‘zlarini qiziqtirayotgan savollari bilan faol ishtirok etdilar. Sayyor qabulda “O‘zstandart” agentligi Bosh metrologi Abdurauf Abduqayumov ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslarga Respublikamizda standartlashtirish, metrologiya hamda mahsulotlarni eksporga ko‘maklashish sohalarida qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar va yaratilayotgan qulayliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Shundan so‘ng savol javoblar boshlandi. Sayyor qabul jarayonlarini tahlil qilib shu narsani aytish lozimki, ishtirokchilar tomonidan berilayotgan savollarning asosiy qismi aholi xonadonlariga o‘rnatilgan o‘lchov vositalarining Davlat qiyoslovidan o‘tkazish tartiblari, xarid qilinayotgan mahsulotlarning sifati va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlarni tashkil etdi.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday sayyor qabul bahona “O‘zstandart” agentligi rahbariyati joylarga chiqib, bevosita tadbirkorlar bilan uchrashib, mazkur tizim bo‘yicha ularning faoliyatlariga amaliy yordamni ko‘rsatish imkoniyatini beradi.