O’zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoyev 13 iyun’ kuni «Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive korxonasini tashkil etish to’g’risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matnini Prezident rasmiy veb-sayti e’lon qildi.
Qarorga ko’ra, qo’shma korxonaning ustav kapitali 29,3 million yevroni tashkil etadi. Tomonlar, shuningdek, jami qiymati 133,3 million yevro bo’lgan «O’zbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish» investitsiya loyihasini amalga oshirish shartlarini belgilab oldi.
Loyiha Jizzax viloyatidagi «Jizzax» EIZ hududida amalga oshiriladi. «Jizzax» EIZ hududida zavod qurilishi uchun 45 gektar yer maydoni ajratiladi.
Hujjatga muvofiq, 2018 yil 1 mayga qadar investitsiya loyihasi doirasida qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi va shu bilan bir vaqtda loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi.
O’zbekiston rahbari O’zbekiston Respublikasi hukumati, Peugeot Citroen Automotive S.A. va «O’zavtosanoat» AJ o’rtasida tuzilgan, O’zbekiston hukumati tomonidan UzPCA MCHJga taqdim etiladigan xorijiy investorning muayyan majburiyatlarini va davlat ko’magi bo’yicha chora-tadbirlarni aks ettiruvchi investitsiya bitimini tasdiqladi.
SHavkat Mirziyoyev loyiha ishtirokchilari uchun qator soliq va bojxona imtiyozlarini va preferensiyalarini taqdim etdi.
UzPCA MCHJ rasmiy dilerlarining chiqarilayotgan avtomobillarni ta’mirlash va servis xizmati bo’yicha xizmatlari, shu jumladan, ehtiyot qismlar, uzellar, agregatlar va materiallar hamda ularni savdo tarmog’i orqali sotish qo’shimcha qiymat solig’isiz amalga oshiriladi.
Eslatib o’tamiz, 16 may kuni «O’zavtosanoat» AK va Peugeot Citroen guruhi o’rtasida O’zbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqaruvchi qo’shma korxona barpo etish bo’yicha kelishuv imzolangan edi.
Manba: Jizzах vilоyati hоkimligi