Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifidan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Qozog‘iston Respublikasi Jambil viloyati hokimligi, ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatida bo‘ldi.
Jambil viloyati hokimi Karim Kokrekbayev boshchiligidagi delegatsiya Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari va mamlakatlarimiz hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Mehmonlar Jizzax politexnika instituti, Olimpiya zaxiralari kolleji, viloyat tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, “Jizzaxplasteks” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Sharof Rashidov tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan zamonaviy uy-joylarni ko‘rdi.
Jizzax shahridagi Xotira xiyobonida Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘ydi. Xiyobondagi “Nuroniylar maskani” majmuasida faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar faoliyati, “Do‘stlik uyi”da madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun yaratilgan sharoitlar, viloyat qozoq milliy madaniyat markazi faollari bilan o‘tkazilgan samimiy suhbat mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
– Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik davlatlar ijtimoiy-siyosiy rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Jambil viloyati o‘zbek madaniyati birlashmasi faxriy prezidenti G‘afur Qosimov. – Jambil ko‘p millatli hudud. O‘zbeklar ham boshqa millatlar qatori tinch-totuv yashab, mehnat qilmoqda.
Delegatsiya a’zolari “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida yengil va kichik yuk avtomashinalari, mikroavtobuslar, qishloq xo‘jalik texnikalari uchun batareyalar ishlab chiqaradigan «Jizzax akkumulyator zavodi» sexlari, zavod laboratoriyasi, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Mehmonlar ushbu korxona mahsulotlari Qozog‘istonda ham xaridorgir ekanini ta’kidladi.
Jizzax shahrida tashkil etilgan sanoat yarmarkasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. G‘allaorol tumanidagi “Sangzorparranda” MChJda yetishtirilgan go‘sht mahsulotlari, Jizzax shahridagi “Ecoclimat” MChJning shisha-tola buyumlari, “JizzaxPlastex” qo‘shma korxonasi mahsulotlari, Sharof Rashidov tumanidagi “Davurbek Jilosi” MChJning qandolat mahsulotlari, Do‘stlik, Zomin, Zarbdor, Paxtakor, Forish, Mirzacho‘l, Yangiobod va Baxmal tumanlari sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan xalq iste’moli mollari sifati va zamonaviy dizayni bilan mehmonlarga manzur bo‘ldi.
G‘allaorollik hunarmand Barno Narzullayevaning yarmarkada namoyish etgan sopol tovoq, lagan va boshqa buyumlarini mehmonlar yuqori baholadi.
– Jambil viloyatining O‘zbekiston bilan tovar aylanmasi hajmi 2016-yilda 34 million AQSh dollarini tashkil etdi, – deydi Jambil viloyati hokimi Karim Kokrekbayev. – Bu ko‘rsatkich 2015-yil bilan solishtirganda 28 foizga ortganini ko‘rish mumkin. Jambil viloyati orqali O‘zbekistonga bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar yog‘i, fosfat, kalsiy, natriy trifosfat va boshqa xalq iste’moli mollari eksport qilinmoqda. O‘zbekistondan ho‘l va quruq meva, konditer mahsulotlari, mineral suv, trikotaj buyumlari, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar import qilayapmiz. Jizzax viloyatiga tashrifimiz viloyatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada kengaytirishga keng yo‘l ochadi.
Manba: O‘zA