Ostona shahrida davom etayotgan EKSPO – 2017 xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmada 120 dan otiq mamlakat texnologik, ilmiy, madaniy yutuqlarini namoyish qilayotir. O‘zbekiston ko‘rgazmasi barchaning e’tiborini tortmoqda. 

Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning namoyishi uchun ajratilgan binoning birinchi qavatidan qiyos. Bu yerda quyosh, shamol va suv energiyasi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalari tomonidan robototexnika yo‘nalishida yaratilgan mahsulotlar namoyish etilmoqda. Ko‘pchilikda suv yordamida harakatlanadigan "Matiz" avtomobili katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

– To‘g‘ri, dunyo avtomobil sanoati uchun suv yordamida harakatlanadigan mashina yangilik emas. Ammo boshqa muqobillaridan farqi shundaki, ushbu avtomobil vodorod saqlovchi qutiga ega emas, – deydi “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Sardor Tojiyev. – Unda mashinaga vodorod qayerdan keladi, deysizmi?! Vodorod avtomobil harakatlanayotgan chog‘da ishlab chiqariladi. Katalizator orqali vodorod va kislorod ikkiga ajraladi. Vodorod kichkina bakda yig‘ib boriladi va kerakli miqdorda ichki yonish dvigateliga yetkazib beriladi. Natijada harakatlanayotgan avtomobil 40 foiz yonilg‘i tejaydi. Atmosferaga chiqarilayotgan zararli gaz miqdori 80 foiz kamayadi. 

Mamlakatimiz yoshlarining robototexnika yo‘nalishida erishgan yutuqlari aks etgan stendlar ham ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. 

– O‘zbekiston pavilyonidan o‘rin olgan “robot konstruktor”, “robot gid”, “saralovchi robot”, “robot qo‘l” singari robototexnika yo‘nalishidagi yangiliklar, zamonaviy texnologiyalar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi “Dunya” gazetasi loyiha mutaxassisi Ayfer Ilxan (Turkiya). – Ayniqsa, “robot gid” bilan qiziqib qoldim. Uning xotirasiga O‘zbekistondagi tarixiy obidalar, muzeylardagi eksponatlar haqida ma’lumotlar yuklangan. Yuz qismiga ko‘rish kamerasi o‘rnatilgan. Muayyan tarixiy bino yoki eksponatga qaratsangiz bas, o‘zingizni qiziqtirgan ma’lumotga ega bo‘lasiz. Bular talabalar tomonidan yaratilgani tahsinga sazovor. 

Ikkinchi qavatda mamlakatimizning transport va logistika, turizm sohalari hamda oziq-ovqat, vino va sharbat tayyorlash sanoatida erishilgan yutuqlar, milliy taomlarimiz namoyish etilmoqda. 

Bugungi kunda dunyoda millionlab odam to‘liq ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshdan kechirmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini muayyan turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish kunning muhim vazifalaridan biri sanaladi. 

O‘zbekiston pavilyonidan mamlakatimizda yetishtirilgan sarxil mevalar, poliz ekinlari, oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan. 

– Butunjahon ko‘rgazmasida ishtirok etish barobarida dunyo sanoatida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishib chiqayapmiz. Xorijlik hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik, – deydi “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi boshqarma boshlig‘i Bahodir Yunusov. – Qayta tiklanmaydigan energiya resurslarini tejash, uning o‘rniga muqobil energiya vositalarini oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga keng tatbiq etish, nanotexnologiyalardan samarali foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash borasida yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mamlakatimizda samarali ishlar olib borilmoqda. Ko‘rgazmada erishgan yutuqlarimizni namoyish etish bilan birga xorijlik hamkorlar topish imkoniga ham ega bo‘lmoqdamiz. 

Ostona shahrida “Kelajak energiyasi” mavzuida o‘tkazilayotgan EKSPO – 2017 xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma joriy yilning sentabr oyiga qadar davom etadi. 

Manba:O'zA