O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida shu mavzuga bag‘ishlab tashkil etilgan seminarda jamiyatni komputerlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga hamda yangi mutaxassisliklar paydo bo‘lishiga ta’siri muhokama qilindi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, AKT kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yuqori texnologiyalar jadal sur’atlar bilan rivojlanib, jamiyatimiz barcha jabhalarining ajralmas qismiga aylanib borayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda mobil aloqa tarmoqlari va raqamli televideniyeni yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, optik tolali aloqa liniyalari barpo etilib, mahalliy softver mahsulotlarini ishlab chiqishga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda, “Elektron hukumat” tizimi takomillashtirilmoqda. Shuningdek, sud tizimi va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni yanada kengaytirishga qaratilgan qator amaliy choralar hayotga tatbiq etilayotir.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini mukammal bilish istagida bo‘lgan turli kasb egalari safi yil sayin kengayib bormoqda. Komputerlashtirish jarayoni va mamlakatimiz softver sohasining rivojlanib borayotgani esa O‘zbekistonda yangi mutaxassisliklar paydo bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Buning samarasida IT-loyiha menejeri, tizim boshqaruvchisi, veb-dizayner, 3D-modeli dizayneri, dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish mutaxassisi, axborot tizimlari muhandisi singari mutaxassisliklar ommalashmoqda.
Seminarda korporativ tizimlardagi yangiliklar va innovatsiyalar madaniyati, HR-menejmenti, kelajak kasblari, shuningdek, xodimlarni o‘qitish uslublari, innovatsion g‘oya va takliflarni ishlab chiqish uchun zarur sharoitlar yaratish masalalariga bag‘ishlangan mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Tadbirda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan IT sohasi mutaxassislarini tayyorlash sifatini yanada oshirish istiqbollari muhokama qilindi.