O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a’zolarining bir guruhi Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida bo‘lib, aholi bilan muloqotlar o‘tkazdi. O‘rganishlar natijasi xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida muhokama etildi.
Deputat va senatorlar 10 kun davomida qishloq va mahallalardagi xonadonlarda bo‘lib, fuqarolarning turmush darajasini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ijro hokimiyati, huquq-tartibot idoralari va boshqa sohalar faoliyatini o‘rgandi. Hududda uchrayotgan kamchilik va muammolarni joyida hal etishga ko‘maklashdi.
Tumanda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, aholi farovonligini yuksaltirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash doimiy e’tiborda. Joriy yilning besh oyida tumanda 146 tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tib, ularning umumiy soni 392 taga yetgan.
O‘rganishlar jarayonida yechimini kutayotgan bir qator muammolar va foydalanilmayotgan imkoniyatlar borligi aniqlangan. Xususan, tijorat banklari tomonidan oilalarni tadbirkorlikka keng jalb etish, parrandachilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishi, yong‘oq, limon kabi serdaromad daraxt ko‘chatlarini xarid qilishi yuzasidan olib borayotgan targ‘ibot ishlari talabga javob bermaydi. Aholining tomorqadan foydalanish madaniyati juda past. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirayotgan xonadonlarga imtiyozli kreditlar ajratishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ana shu maqsadda hujjat tayyorlagan 4 ming 530 fuqaroning 30 foiziga imtiyozli kredit berilgan, xolos. Uy-joy, kommunal, bank-kredit, sog‘liqni saqlash, ta’lim, aholi bandligi, transport va yo‘l qurilishi, ekologiya va atrof-muhit, savdo va maishiy xizmat, tadbirkorlik kabi sohalarda ham bir qator muammolar bor.
Tahlillarga ko‘ra, tumandagi 69 umumta’lim maktabining 15 tasi xom g‘ishtdan qurilgan va moslashtirilgan binoda faoliyat yuritmoqda. Ko‘pchilik maktablarga ichimlik suvi tashib keltiriladi. Tibbiyot xonalari yo‘q. 63 o‘qituvchi yetishmaydi. Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchalari talab darajasida jihozlanmagan. Tez tibbiy yordam mashinasi, yoqilg‘i, dori-darmon yetishmaydi. Tibbiyot muassasalari rahbarlarining mahalla fuqarolar yig‘inlari oldida belgilangan muddatda hisob berishi yo‘lga qo‘yilmagan. Dehqon bozori talabga javob bermaydi, obodonlashtirilmagan. Tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berishda uzilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Tabiiy gaz iste’molchilarining noreal qarzdorlikdan shikoyati ko‘p. Xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalarini to‘lov terminallari bilan ta’minlashga e’tiborsizlik bilan yondashilgan. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tuman bo‘limi 38 savdo va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga terminal o‘rnatmagan. Elektr energiyasi va ichimlik suv ta’minoti, maishiy chiqindilarni belgilangan muddatda tashib ketish kabi masalalarda ham haqli e’tirozlar yuzaga kelmoqda.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining o‘tgan davrida parlament a’zolari viloyatdagi 5 tumanda bo‘lib, odamlarning turmush darajasini yanada yuksaltirish, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Murodulla Tursunov. – Muloqotlarda ko‘plab fuqarolarning yechimini kutayotgan muammolari hal etilmoqda. Vaqt talab etiladigan ayrim masalalar yechimi nazoratga olinmoqda. Masalan, Sherobod tumanidagi Chinobod mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda fuqaro Gulnora Allamurodova sog‘ligini tiklash uchun sanatoriyga yo‘llanma so‘rab qilgan murojaati joyida hal etildi. Shu mahallada istiqomat qiluvchi Barchin Sanayeva boshida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani va nogironlik guruhiga hujjat tayyorlashga qiynalayotganini bayon etdi. Bu masala bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi. Gambur mahallasida yashovchi Feruza Ko‘chkinovaning parrandachilik bilan shug‘ullanishi uchun tijorat bankidan 4,5 million so‘m kredit olishiga ko‘maklashildi. Mehriobod mahallasi ahli hududdagi 4 ko‘prik yaroqsiz holga kelib qolganidan shikoyat qildi. Bu muammoning bartaraf etilishi ham nazoratga olindi.
Sessiyada odamlarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan mavjud muammolar chuqur tahlil etilib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqid qilindi. Mas’uliyatsizlik qilgan, aholi duch kelayotgan muammolarga e’tiborsizlik bilan qaragan ayrim rahbarlarga intizomiy jazo qo‘llash taklifi kiritildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbir belgilash, ijrosini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi. Xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyalari va siyosiy partiyalar deputatlik guruhlari faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, joylarda uchrayotgan kamchiliklar, fuqarolarning talab va ehtiyojlariga jiddiy e’tibor qaratish, islohotlarni yanada chuqurlashtirish tavsiya etildi.