Mamlakatimizda yengil sanoat yo‘nalishidagi kichik biznes subyektlari soni oshib borayotgani aholining import o‘rnini bosuvchi, zamonaviy dizayn va yuqori sifatga ega kiyim-kechak mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, Nukus shahridagi «Romal dizayn Nukus» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan 20 dan ortiq turdagi trikotaj buyumlari allaqachon bozorda o‘z xaridoriga ega.
O‘tgan yili faoliyat boshlagan kichik korxonaga yosh tadbirkor Zulfiya Davronova rahbarlik qiladi. Bu yerda tayyorlanayotgan ayollar va bolalar kiyimi, sport liboslariga buyurtmalar tobora ko‘paymoqda. Zulfiya kelgusida ishlab chiqarishni kengaytirish orqali tengdoshlari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan.