Prezidentimiz Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. «Baxt imkon rivoj chorvasi» ana shunday e’tibor natijasida rivoj topayotgan xo‘jaliklardan biri.
Bu yerda 2 ming boshga yaqin zotli qoramol, 300 bosh naslli echki boqilmoqda. Ilg‘or texnologiyalar asosida ish tashkil etilgan xo‘jalikda mahsuldorlik juda yuqori. Har bir sigirdan kuniga 25-28 litr, echkidan 3-3,5 litr sut sog‘ib olinmoqda. Umuman, xo‘jalik tomonidan sutni qayta ishlash korxonalariga bir kecha-kunduzda qariyb 20 tonna sut yetkazib berilmoqda.
Davlatimiz rahbari fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Germaniyadan keltirilgan zotdor echkilarni boqish jarayoni, yurtimiz iqlimiga moslashishi bilan qiziqdi.
Echki sutining sifati yuqoriligi ko‘pchilikka ma’lum. Echki suti tibbiy xususiyatlarga ega bo‘lib, oshqozon kasalliklari, kamqonlik, ko‘z nurining pasayishining oldini olish va diatezda foydalidir.
Echki suti uzoq vaqt yaxshi saqlanadi. U xona haroratida uch kun, muzlatgichda bir haftadan ko‘p vaqt davomida o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi. Echki sutida ko‘p miqdorda kaliy bo‘lib, bu yurak-nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi.
Fermer xo‘jaligida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida yangi loyihalar amaliyotga tatbiq qilinmoqda.
Davlatimiz rahbariga ko‘rsatilgan loyihaga ko‘ra, 700 bosh naslli echki olib kelish orqali yangi tarmoq yo‘lga qo‘yiladi. Istiqboli yuqori baholanayotgan mazkur loyihani joriy yilda ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.
Chorvachilik serdaromad soha hisoblanadi, buni unutmaylik, dedi davlatimiz rahbari. Shifobaxsh bo‘lgan echki sutiga nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham talab yuqori. Tumandagi har bir xonadonga ikkitadan echki tarqatish zarurligi ta’kidlandi.
Fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Viloyatning Ulug‘nor tumanidan fermer xo‘jaligiga 300 gektar yer ajratildi. Bu yerning 200 gektariga yong‘oq, 100 gektariga unabi ekilib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur fermer xo‘jaligining yana bir istiqbolli loyihasi biogaz ishlab chiqarish tarmog‘idir. Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar yordamida yiliga 600 ming kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi ishga tushgach, 40 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.