1-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar parlament nazorati doirasida O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan taqdim etilgan Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yildagi hamda 2017-yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.
Eslatib o‘tamizki, hisobot siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining ilgari bo‘lib o‘tgan majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi.
Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikamizda boshlangan tizimli demokratik islohotlarning va mamlakatimizni modernizatsiya qilishning so‘zsiz davom ettirilishini, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlashga hamda iqtisodiyotning yuqori sur’atlarda o‘sishini, shu jumladan Davlat byudjetining barcha darajalardagi mutanosibligini, milliy valyutaning va ichki bozordagi narxlar darajasining barqarorligini saqlab qolishga, iqtisodiyotda, birinchi navbatda, sanoatda va qishloq xo‘jaligida chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga, xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirishga va ular manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan vazifalarning bajarilishini 2017-yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab berdi.
«World Economic Outlook» Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda jahon iqtisodiyoti o‘rtacha 3,1 foizga oshdi, tashqi savdo hajmi esa atigi 1,9 foizga oshgan bo‘lib, bu esa investitsiyalar hajmining 2015-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 13 foizga pasaygani bilan bog‘liqdir.
Majlisda ta’kidlanganidek, ushbu sharoitda, Davlat byudjeti tasdiqlangan ko‘rsatkichlarga muvofiq va 132 milliard so‘mdan ortiq miqdorda profitsit bilan ijro etildi. YaIMning o‘sishi 7,8 foizni, sanoat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi tegishincha 6,6 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi jon boshiga real yalpi daromadlar 11 foizga, byudjet tashkilotlari xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdori tegishincha 15 foizga oshdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqish davomida deputatlar ushbu sohadagi ishlarning joriy holatini tanqidiy ravishda tahlil qildilar.
Jumladan ta’kidlanganidek, jahon bozorlarida kon’yunktura barqaror emasligini va raqobat kuchayib borayotganligini hisobga olgan holda investitsiyalarni jalb etishda 2017-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz hududlariga safarlari chog‘ida ishlab chiqilgan loyihalarning so‘zsiz bajarilishiga birinchi darajali e’tiborni qaratish darkor.
Davlatimiz rahbarining parlament tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangan tashabbusiga ko‘ra Qonunchilik palatasi deputatlari har oyda mamlakatimizning turli hududlariga boradilar va 10-12 kun mobaynida joylardagi ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganadilar. Bunday amaliyot ko‘plab muammolarning haqiqiy sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash imkonini beradi. O‘rganishlar yakunlari shundan dalolat beradiki, uy-joy kommunal xizmat tizimidagi, transport va yo‘l xo‘jaligidagi, aholi bandligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarini ta’minlashdagi, ya’ni rivojlantirilishi uchun Davlat byudjetining salkam 60 foizi sarflanadigan ijtimoiy sohadagi kamchiliklar mamlakatimiz mintaqalari aholisini tashvishlantirayotgan eng dolzarb masalalar hisoblanadi.
Bu borada bugungi kunda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini ijro etish maqsadida yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishga, sog‘liqni saqlash tizimini, ta’lim va sportni takomillashtirishga qaratilgan 100 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi. O‘z navbatida, qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun jiddiy moliyaviy mablag‘lar talab etiladi.
– Fuqarolar manfaatlarini ta’minlash bevosita tadbirkorlikni rivojlantirishga, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini bajarishga, samarali byudjet-soliq siyosatini yuritishga, shuningdek, investitsiyalar hajmini izchil ko‘paytirishga bog‘liqdir, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov. – Investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida zamonaviy ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirilmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, shu bilan, xususan, mamlakatimizda aholining turmush darajasi va sifati oshmoqda. Bugungi majlisga tayyorgarlik davomida deputatlar joriy yilning 30-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan hamda investitsiya loyihalari amalga oshirilishining borishini tanqidiy tahlil etish va baholashga bag‘ishlangan videoselektor kengashida davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni o‘rgandilar va tahlil qildilar.
Majlis davomida deputatlar vazirliklar va idoralar bilan birgalikda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda xalq deputatlarining tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish borasida oldinda turgan aniq vazifalarni belgilab oldilar.
Majlis yakunlariga ko‘ra Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2016-yildagi hamda 2017-yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.