Prezidentimiz rahnamoligida tabiiy resurslardan, jumladan, elektr energiyasidan samarali foydalanish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish va energiya tejamkor lampalarni tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda energiya tejaydigan lampalardan mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va aholi xonadonlarida keng foydalanilmoqda. Mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan kam energiya tejamkor lampalar sifat jihatidan xorijdan keltirilayotgan shu turdagi mahsulotlardan aslo qolishmaydi. Ularning o‘ziga xos xususiyati shundaki, avvalo xizmat qilish muddati uzoq bo‘lib, oddiy cho‘g‘lanma lampaga nisbatan 4-5-marta kam energiya sarflaydi.
Farg‘ona viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan elektr energiyasini tejash va undan oqilona foydalanish maqsadida aholi o‘rtasida tushuntirish, energiya tejaydigan moslama va zamonaviy elektr hisoblagichlardan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borishga alohida e’tibor qaratilayotir. Energiya tejamkor lampalar asosida ishlayotgan tashkilot va korxonalarda katta mablag‘ iqtisod qilinmoqda. Bu ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxining pasayishiga xizmat qilayotir.
– Joriy yil aprel oyida viloyatda 593 ming 370 dona svetodiodli lampa almashtirildi, – deydi “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati energiya sotish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Matkarimov. – Viloyat muassasalari, sanoat korxonalari, qishloq xo‘jaligi, kommunal soha obyektlarida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda energiya tejamkor lampa ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2016-yil sentabr oyidan boshlab Dang‘ara tumanidagi “Real cabel invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida svetodiodli lampalar va ko‘cha chiroqlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ilg‘or texnologiyalar asosida tayyorlanayotgan mahsulotlar yuqori sifati, energiya tejamkorligi, har qanday iqlim sharoitiga chidamliligi, ekologik xavfsizligi va raqobatbardoshligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Ayni paytda korxonada 40 kishi mehnat qilayotir.
– Ushbu lampalar elektr energiyani juda kam sarflaydi, – deydi jamiyat rahbari Mirzohid Egamberdiyev. – Korxonamizda yiliga 300 ming dona svetodiodli lampa, 50 ming dona ko‘cha chiroqlari ishlab chiqariladi. Mahsulotga talab yildan-yilga ortmoqda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan viloyat hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida jamiyatimiz turli tashkilot va korxonalar bilan 2 milliard so‘mlikdan ortiq shartnoma imzoladi.