Qashqadaryoda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Mudofaa vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini turli mafkuraviy-ma’naviy tahdidlardan ishonchli himoya qilish, yoshlarda mustahkam g‘oyaviy immunitet va faol fuqarolik pozitsiyani shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Taniqli adiblar, kino va teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, “Nihol” mukofoti sovrindorlaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari, sport, madaniyat va san’at maskanlari, mehribonlik va muruvvat uylari, harbiy qism va mahallalarda bo‘lib aholi bilan uchrashdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” nomli asarida ilgari surilgan g‘oyalar, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari, hayotimizda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar uchrashuvlarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Shahrisabz tumanida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida aholi, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etdi.
– Prezidentimizning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” nomli kitobining mazmun-mohiyati va unda ilgari surilgan g‘oyalar hayotiy misollar asosida sodda tilda tushuntirildi, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Shahrisabz tumani bo‘limi rahbari Shahlo Tog‘ayeva. – Bunday tadbirlar yoshlar qalbida vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirish bilan birga, ularda ertangi kunga ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.