Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 603-maktabgacha ta’lim muassasasiga kirishimiz bilan bizni jo‘shqin kayfiyatdagi bolajonlar qarshi oldi. Ularning aksariyati ertak qahramonlari obrazida: ayiq bolalari, ninachi, chumoli, tulki, turna, "Qizil qalpoqcha"...
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida mazkur muassasada o‘tkazilgan «Xayr bog‘cha, salom maktab!» ma’naviy-ma’rifiy tadbiriga ota-onalar, mahalla faollari, pedagoglar taklif qilindi.
Tadbirda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish borasidagi ishlar bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi "2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bunda dasturilamal bo‘lmoqda.
Uchtepa tumanidagi 603-maktabgacha ta’lim muassasasida ikki yuzdan ziyod o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Rus, ingliz tillari, raqs, shaxmat-shashka, gimnastika to‘garaklari bolajonlar vaqtini yanada mazmunli o‘tishini ta’minlayotir. Joriy yilda muassasani 30 o‘g‘il-qiz tamomlab, umumta’lim maktablarining birinchi sinfiga qabul qilinadi.
– Qizlarim Dilshoda va Mumtozabegim shu dargohda tarbiyalanadi, – deydi Gulzoda Ibrohimova. – Maktabga tayyorlov guruhida olgan saboqlari Dilshodaning maktabga oson moslashishiga, darslarni o‘zlashtirishiga yordam beradi, deb o‘ylayman.
Tadbirda turli viktorina o‘yinlari o‘tkazilib, g‘oliblar rag‘batlantirildi. Bolalar ijrosida Vatanni madh etuvchi she’r-qo‘shiqlar, maqol va hikmatli so‘zlar, turli sahna ko‘rinishlari barchaga quvonch ulashdi.