“Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2935-sonli qarori ijrosi yuzasidan seminar tashkil etildi
Joriy yilning 26 may kuni “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 apreldagi “O‘zbekiston Standartlashtirish, Metrologiya va Sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2935 sonli qarorining mazmun mohiyati va ijrosi yuzasidan seminar yig‘ilish o‘tkazildi.
Seminar “O‘zstandart” agentligi bosh binosining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tdi va unda yangitdan shakllantirilgan “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasining tarkibiga kiruvchi 200 nafardan ortiq mutaxassis hodimlari ishtirok etishdi.
Seminarda “O‘zstandart” agentligi tizimini yanada takomillashtirish ishlariga qaratilgan qarorning asosiy mazmun mohiyati, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro standartlarni va texnik reglamentlarni tizimli joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi Milliy etalonlar bazasini rivojlantirish asosida mahalliy maxsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, “O‘zstandart” agentligining tuzilmasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatilganligi haqida keng tushunchalar berildi. Shular qatorida “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasining tarkibiga “Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasining qo‘shish va “O‘zstandart” agentligi markaziy apparati tuzilmasidan chiqarilayotgan Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosini o‘tkazish yo‘li bilan qayta tashkil etilganligi e’lon qilindi.
Shuningdek qarorning asosiy maqsadlaridan hisoblanmish - Milliy standartlarni xalqaro talablar bilan moslashtirish hamda zamonaviy sifat menejmenti tizimlarini keng joriy etish asosida mahalliy mahsulotlarning raqobatdoshligini oshirish va tashqi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda milliy laboratoriyalar tomonidan amalga oshirilgan o‘lchash va sinov natijalarining chet ellarda tan olinishi uchun asos yaratish, sanoat tarmoqlarida qo‘llanilayotgan yuqori aniqlikdagi asboblarni to‘liq metrologik tekshiruvdan o‘tkazish, bir qator etalonlar va eng yuqori aniqlikda o‘lchash vositalarini xarid qilish orqali milliy korxonalarning xorijiy mamlakatlar metrologiya institutiga bog‘liqligini kamaytirish kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
E’tiborlisi shundaki, ushbu seminarning barcha ishtirokchilari o‘zlari uchun muhim va kerakli bo‘lgan ma’lumot va yangiliklarga ega bo‘lishdi. Bu kabi yangi o‘zgarishlar natijasida mahalliy va kirib kelayotgan mahsulotlarning sifatini oshirish, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xorijiy bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlash, sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, sinov va o‘lchov laboratoriyalarining moddiy texnik bazasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarilayotgan maxsulotlarni eksport qilishda qulayliklarga erishish kabi yutuqlarga erishilishi begumon.