Namanganda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi – faoliyatimiz dasturi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, partiya viloyat, tuman va shahar kengashlari mas’ul xodimlari, jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va demokratik islohotlar samaradorligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
– Bugungi zamonning o‘zi jamiyatdan aniq maqsadlar yo‘lida qat’iy va tezkor qarorlar qabul qilishni talab etmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Shuhratjon To‘xtaboyev. – Binobarin, Prezidentimizning shu yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” bugun jamiyatimiz taraqqiyotini o‘zida mujassam etgan va o‘z vaqtida qabul qilingan muhim hujjat bo‘ldi. Strategiyaning birinchi yo‘nalishi davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish masalalariga qaratilgan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashda davlat va jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalardan ham yanada faol bo‘lish talab etiladi.
Tadbirda Harakatlar strategiyasidan kelib chiqqan holda, partiya tashkilotlari va partiya deputatlik guruhlari faoliyatini takomillashtirish, deputatlarning xalq bilan muloqotini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.