Davlatimiz rahbari Xovos tumanidagi “Hoji Gadoyboy ota” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxonani ko‘zdan kechirdi.
Sirdaryo viloyatida 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yangi korxonalar qurish, amaldagilarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, yarim tayyor va tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, qadoqlash materiallari ishlab chiqarish dasturi doirasida issiqxonaga Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan yuqori samaradorlikka ega zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan.
Qiymati 625 ming dollar, maydoni bir gektar bo‘lgan issiqxonada yiliga 150-200 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Mahsulotlarning asosiy qismini eksport qilish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz mazkur issiqxonani kengaytirish, boshqa viloyatlarda ham shunday korxonalar tashkil etish, mazkur soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerakligini ta’kidladi.
Shu yerning o‘zida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.