2017-yil 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan ko‘plab qonun loyihalarini qamrab oldi.
Parlament quyi palatasining majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar avvalroq siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining majlislarida muhokama qilingan edi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, bugungi kunda parlamentning quyi palatasida qonun ijodkorligi jarayoni 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq olib borilmoqda. Hozirgi voqeliklarni hamda iqtisodiyot odamlarning yuqori darajadagi turmushining asosiy sharti sifatida qaraladigan jahonning rivojlangan davlatlari tajribasini hisobga olgan holda parlament vakillari davlatimiz rahbarining mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlar samarasini tubdan oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qonun yo‘li bilan o‘z vaqtida puxta mustahkamlashga e’tibor qaratmoqdalar.
Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obyektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladi. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Baholash faoliyati to‘g‘risida»gi, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar davlat mulki obyektlarini realizatsiya qilish jarayoni tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va jadallashtirishga qaratilgan moddalar bilan to‘ldirildi. Shu tariqa amaldagi qonun hujjatlarining takomillashtirilishi xususiy mulk etib realizatsiya qilingan obyektlarda raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishni hamda xizmatlarni yo‘lga qo‘yishni tashkil etish hisobiga xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, deputatlar Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga, Byudjet kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ham ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan. Chunonchi, o‘ta og‘ir holatlar ro‘yxati belgilanib, o‘zini o‘zi o‘ldirishgacha yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga o‘zini o‘zi o‘ldirishga, shu jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, butunjahon internet axborot tarmog‘idan foydalangan holda o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash uchun javobgarlikni belgilovchi 1031-modda kiritilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Byudjet kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish, pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini kamaytirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslarning aniq ro‘yxati belgilanadi, mahalliy byudjetlarning respublika byudjetiga qaramligi qisqaradi.
Shundan so‘ng deputatlar sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Shuni eslatib o‘tish kerakki, tadqiqot markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudyalar Kengashi huzuridagi odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markaziga aylantirildi.
Davlatimiz rahbarining «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tuzilmasida Qonuniylikni va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi tashkil etildi. Shu munosabat bilan Bosh prokurorga mazkur boshqarmaga yuridik ixtisoslikka ega bo‘lmagan kadrlarni, chunonchi iqtisodchilar, moliyachilar, sotsiologlar va boshqalarni qabul qilish huquqi berildi. Shunga mos tarzda ushbu masalalar deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan «Prokuratura to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasida o‘z aksini topdi.
Parlament vakillari o‘z konstitutsiyaviy vakolatlari doirasida Xiva va Shahrisabz shaharlarini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida tegishli qarorlarni qabul qildilar. Davlatimiz rahbari Xorazm va Qashqadaryo viloyatlariga safarlari chog‘ida turizm sohasini rivojlantirish uchun mazkur mintaqalarning salohiyati yuqori ekanligini hisobga olib, Xiva va Shahrisabz shaharlarini mustaqil ma’muriy birlik etib qayta tashkil qilish hamda ularni viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar ro‘yxatiga kiritish topshirig‘ini bergan edi. Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston hududida joylashgan jahon ahamiyatiga molik bu qadimiy shaharlarning turistik salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Majlis davomida deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati