“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Mudofaa vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, san’atkorlar va harbiylardan iborat targ‘ibotchilar guruhlari odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaralari xususida suhbat qurmoqda. Oddiy insonlar hayotida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni atroflicha tahlil qilayotir. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati hayotiy misollar asosida sodda usulda tushuntirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar hududni har tomonlama yuksaltirib, aholining tinch va farovon hayotini ta’minlash, turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Ilgari asosan agrar hudud hisoblangan viloyatda bugun zamonaviy sanoat yildan-yilga rivojlanmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mahalliy xomashyodan raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan yetakchi tarmoqqa aylanayotir. “Komfort inert servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati Termiz shahrida barpo etayotgan granit va gabbro toshlaridan qurilishbop pardozlash plitasi, “Termiz ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining g‘o‘zapoya va qamishdan DSP ishlab chiqarish kabi yirik loyihalari bunga yaqqol misoldir.
– Davlatimiz rahbari viloyatdagi saylovchilar bilan uchrashuvida xomashyo resurslariga boy Surxon vohasida oziq-ovqat, yengil va charm-poyabzal, to‘qimachilik, tikuv-trikotaj va qurilish mahsulotlari sanoatini izchil rivojlantirish borasida alohida to‘xtaldi, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari F.Sharipov. – Viloyatda birgina to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish dasturiga muvofiq yaqin besh yilda yirik hajmdagi investitsiya jalb etish hisobidan ko‘plab yangi korxonalar tashkil etiladi va 20 korxona modernizatsiya qilinadi. Buning natijasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,2-marta ortadi. Qishloq xo‘jaligi, turizm, axborot-kommunikatsiya, qurilish, bank-moliya tizimi, biznes tuzilmalari, ta’lim-tarbiya, tibbiyot va boshqa sohalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilab olingan. Bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda bu kabi ulkan yangilanishlar haqida atroflicha fikr yuritilmoqda.
Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirda Shodlik mahallasida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar va yoshlar, Termiz davlat universiteti talabalari, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritildi. Joylarda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari inson manfaatlarini ta’minlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Ta’lim tizimini takomillashtirish, o‘qitish samaradorligini yanada oshirish, milliy adabiyotimiz rivoji, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
– Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti professori N.Bekmirzayev. – Yoshlarning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish muhim vazifadir. Kitob mutolaasiga bolalikdan mehr uyg‘otish uchun avvalo ota-onalar o‘zlari hozirgi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, qo‘l telefonlaridan biroz chekinib, kitobga vaqt ajratishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunday ekan, yoshlarning qalbiga so‘z bilan kirib borish kerak.
Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyi, harbiy qismlardan biri, Termiz davlat universiteti, Termiz tumanidagi Pattakesar mahallasidagi madaniyat va aholi dam olish markazi, Oltinsoy tumani transport kasb-hunar kolleji, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-akademik litsey kabi zamonaviy ta’lim va madaniyat muassasalarida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirlari ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Qiziqarli konsert dasturlari uyushtirilib, sahna asarlaridan parchalar namoyish etildi. Vatan, mustaqillik, tinchlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni madh etuvchi she’rlar o‘qildi. “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz”, deb nomlangan fotoko‘rgazmalar tashkil qilindi. Mustaqillik yillari turli sohalarda erishilgan yutuqlar, ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy armiyamizning qudratli salohiyati aks etgan va dunyoning turli davlatlarida sodir bo‘layotgan notinchliklar hamda ularning ortida turgan kuchlarning g‘arazli maqsadlarini ochib berishga qaratilgan qisqa metrajli film va slayd-shoular namoyish etildi.
– Bunday tadbirlar bugungi globallashuv davrida yoshlarimizni turli mafkuraviy, ma’naviy va axborot tahdidlaridan ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyatga ega, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Surxondaryo viloyati kengashi raisi S.Salomov. – Ular yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.