O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni bojxona organlari tomonidan himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquq egalari va ularning ishonchli vakillari, tadbirkorlar, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy bojxona laboratoriyasi boshlig‘i B.Abdug‘aniyev va boshqalar mamlakatimiz Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga a’zo bo‘lgani, bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishda bojxona qonunchiligidagi mavjud normalar, xususan, O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksida belgilangan tartiblar va ularni qo‘llashga doir muhim tavsiyalarga qat’iy rioya etilmoqda.
Har bir davlat, xalqning jahonda tutgan o‘rni va nufuzida uning intellektual boyligining alohida o‘rni bor. Mamlakatimizda 2005-yil 19-apreldan fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish va ulardan foydalanish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni tartibga solish, mualliflar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjat – Bern konvensiyasi qoidalari amal qilmoqda. Mamlakatimizning mazkur konvensiyaga qo‘shilishi mualliflar va ularga tenglashtirilgan boshqa huquq egalariga katta imkoniyatlar yaratdi. Ayni paytda mualliflarimiz asarlaridan konvensiyaga a’zo 170 dan ortiq davlat hududida tegishli huquqlarga rioya etilgan holda foydalanilmoqda.
Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishda bojxona organlari xodimlarining ham xizmatlari katta.
– Bir yil muqaddam amaliyotga tatbiq qilingan Bojxona kodeksida bojxona qonunchiligidagi muhim yangilik – intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishga doir yangi normalar alohida bob sifatida kiritildi, – deydi Oliy harbiy bojxona instituti o‘qituvchisi Sahodilla Shomirzayev. – 12 moddani o‘z ichida qamrab olgan mazkur bobda bojxona organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish choralari keng yoritilgan. Bojxona organlari endilikda bojxona hududiga olib kiriladigan va bojxona nazorati ostida turgan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning buzilganlik belgilari mavjud bo‘lgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turishlari va to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishlari mumkin.
Bu mamlakatimizda sog‘lom savdo muhiti shakllanishiga, mavjud investitsion muhitni yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Ayni paytda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestri elektron shaklda yuritilib, ushbu reyestr Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy veb-saytining ochiq ma’lumotlar bo‘limiga muntazam joylashtirib kelinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga hozir 86 ta tovar belgisi kiritilgan.
Tadbirda mavzuga doir ma’ruzalar tinglandi, slaydlar namoyish etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.