Mamlakatimizda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash bosh tamoyil hisoblanadi. Yuridik xizmatlar sifatini oshirishga qaratilayotgan e’tibor ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 19-yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “Yuridik xizmat xodimlari ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalari” mavzuida tashkil etilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.
Adliya vazirining o‘rinbosari A.Toshqulov va boshqalar mamlakatimizda yuridik xizmatlarning tubdan takomillashayotgani soha xodimlarining samarali faoliyat yuritishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Qarorga muvofiq respublika, hududiy (viloyat) va tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlari belgilandi.
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining martaba darajalariga ega bo‘lgan xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun beriladigan har oylik ustama haq miqdorlari ko‘rsatildi. Bu lavozim maoshiga nisbatan foizlarda hisoblanadi. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari xodimlarining lavozim maoshlariga martaba darajalari uchun qo‘shiladigan har oylik ustamalar miqdorlari belgilandi.
Davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlarni tashkil etish shakllari hamda ularni tashkil etishning minimal normativlari va mezonlari ko‘rsatildi.
Sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan undirilgan mablag‘lar hisobidan yuridik xizmat xodimlarini mukofotlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
– Davlatimiz rahbarining yuridik xizmatni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratayotgani soha rivojiga keng yo‘l ochmoqda, – deydi "O‘zneftgazqazibchiqarish" aksiyadorlik kompaniyasi bosh yuriskonsultanti Botir Yunusov. – Yuridik xizmat xodimlarining ijtimoiy himoyasi kuchaygani, jumladan, mehnatga haq to‘lash, rag‘batlantirish bilan bog‘liq masalalar ishimiz sifati oshishi, qonuniylik yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi.
Qarorda Adliya vazirligiga yuridik xizmatlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring olib borish va aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etishga qaratilgan choralarni ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida adliya organlari tomonidan shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar asnosida 1,4 mingdan ortiq qonunbuzilishi holati aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 41 mas’ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan. 32 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 36 noqonuniy buyruq va qaror bekor qilingan.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari mas’ul xodimlari va yuridik xizmatlar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlarining ijrosini izchil ta’minlash bilan bog‘liq tavsiyalar berildi.