O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolaridan bir guruhi Jizzax viloyati Paxtakor tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
O‘rganish yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, mahalliy hokimiyat boshqaruvi organlari, faollar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida muhokama qilindi.
Prezidentimizning joriy yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni asosida tumanda 2017-2021-yillarda umumiy qiymati 196,7 milliard so‘m bo‘lgan 212 loyiha amalga oshirilishi va 1 ming 546 yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 2017-yilning 1-mayiga qadar Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tuman filiali tomonidan 625 fuqaroga 3,5 milliard so‘m, “Agrobank” tuman filiali tomonidan 246 fuqaroga 1,07 milliard so‘m, Xalq bankining tuman filiali tomonidan 295 fuqaroga 1,75 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu kreditlarning asosiy qismi chorvachilik, quyonchilik, bog‘dorchilik, asalarichilik, tikuvchilik tarmoqlarini rivojlantirish, tomorqada issiqxona qurish ishlari uchun yo‘naltirildi.
Deputatlar 10 kun davomida tumandagi 314 xonadonda bo‘lib, 1 ming 508 fuqaro bilan bevosita muloqot qildi. Aholi bilan bo‘lgan uchrashuvlar davomida turli soha bo‘yicha 162 masala ko‘tarilib, ularning 48 tasi joyida hal etildi. 78 masala ijrosi bo‘yicha mahalliy idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatma berildi. 5 masalani respublika idoralari bilan muhokama qilish rejalashtirildi.
Parlament vakillari tomonidan o‘rganishlar davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi 5 qishloq vrachlik punkti tugatilib, ularning negizida 2 qishloq vrachlik punkti va 1 oilaviy poliklinika tashkil etilgan.
Sessiyada tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida qishloq vrachlik punktlari ishini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularni malakali tibbiy xodimlar va zarur dori-darmonlar bilan ta’minlashdagi kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Tumandagi tibbiyot muassasalari EKG apparati, nafas oldirish qopchasi, umurtqa pog‘onasini ushlab turuvchi shit va shu kabi 11 turdagi oddiy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmagani, avtotransport vositalari yetarli emasligi tanqid qilindi. Tuman markaziy shifoxonasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi binosi, 1 qishloq oilaviy poliklinikasi va 2 qishloq vrachlik punkti mukammal ta’mirga muhtoj. Tuman tibbiyot muassasalarida 33 shifokor yetishmaydi.
Shunday kamchiliklar umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatida ham mavjud. 13 maktabgacha ta’lim muassasasiga bog‘cha yoshidagi 6 ming 530 bolaning 1 ming 875 nafari qamrab olingan. Maktabgacha ta’lim muassasalarida oliy ma’lumotli mutaxassis pedagog kadrlar yetishmaydi. Sohada ishlayotgan xodimlarning 11 foizi oliy, 89 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega.
Umumta’lim maktablari kutubxonasi talab darajasida emas. 5 umumta’lim maktabida tibbiyot xonasi, 7 umumta’lim maktabida oshxona yoki bufet, 3 umumta’lim maktabida sport zali umuman yo‘q.
Sessiyada aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, obodonlashtirish, uy-joy va kommunal xizmati ko‘rsatish sohasidagi ahvol keskin tanqid qilindi. Bu sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, muammolar tahlil etilib, ularni keltirib chiqargan sabablar va bartaraf qilish yo‘llari haqida aniq takliflar bildirildi.
– Bunday uchrashuv va muloqotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad kamchiliklarni qayd etish emas, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga amaliy yordam ko‘rsatishdir, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Qodirov. – Muhokama davomida barcha masalalarni hal etish bo‘yicha aniq choralar, ularning ijrochilari, muddatlari belgilandi. Shu o‘rinda xalq deputatlari tuman Kengashi, doimiy komissiyalar, partiya deputatlik guruhlari faolligini, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlash kerak. Shunda aholini o‘ylantirayotgan muammolar o‘z yechimini topadi.