Poytaxtimizda X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi boshlandi.
O‘zbekiston Fan va texnologiyalar agentligi va Iqtisodiyot vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan yarmarka korxonalar, ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu iqtisodiyotimizning barcha sohalari jadal rivojlanishi, istiqboldagi dasturlarni ishlab chiqishda muhim ilmiy va amaliy asos vazifasini bajarmoqda.
Hozirga qadar o‘tkazilgan yarmarkalar doirasida 4 ming 200 ga yaqin innovatsion g‘oya va texnologiya namoyish etilib, umumiy hajmi 144 milliard 100 million so‘m bo‘lgan 4 mingdan ortiq shartnoma imzolangan. Natijada qariyb 2 trillion 200 milliard so‘mga yaqin 62 nomdagi yangi seriyali mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, 59 shartnoma doirasida mahsulotlarning tajriba-sinov va sanoat namunalari yuzaga keldi. Shu bilan birga, yuzlab korxona, fermer xo‘jaligi va tadbirkorlik subyektlariga ilmiy va amaliy xizmatlar ko‘rsatilmokda.
Bu yilgi yarmarkada an’anaviy besh yo‘nalish – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari va fan-ta’lim sohalari uchun 500 dan ortiq innovatsion g‘oya, texnologiya va loyiha namoyish etilayotir.
Farg‘ona politexnika instituti ilmiy jamoasi taklif etayotgan loyihalarda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishga keng o‘rin ajratilgan. Oliy o‘quv yurti mutaxassislari Namangan viloyati hududidagi tog‘ jinslariga ishlov berib, texnik kremniy mahsuloti oldi. Yarim tayyor bu mahsulotga ishlov berishni davom ettirib, quyosh batareyalari yaratishda foydalanish mumkin. Svetoforlarni energiya bilan ta’minlash va boshqarish qurilmasi ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Bu ishlanma ikki oydan buyon Farg‘ona shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Natijada elektr energiyasi ancha tejalgani kuzatildi. Istiqbolda shaharda bu ixtirodan kengroq foydalanish taklif etilmoqda.
– Farg‘ona shahridagi Marg‘ilonsoyda kichik GESning uch kilovattli loyihasi sinovdan o‘tkazildi, – deydi Farg‘ona politexnika instituti o‘qituvchisi Umidjon Rustamov. – Uni yanada takomillashtirish maqsadida «Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyati, Marg‘ilon traktor ta’mirlash zavodi bilan hamkorlikda ikkita ellik kilovattli GES qurildi. Hozir azot ishlab chiqarish bilan birga bu energiyadan shahardagi bog‘lar hududini yoritishda foydalanilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz akademiklari va yetakchi olimlari bilan uchrashuvida qo‘yilgan vazifalar asosida iqtisodiyot sohalarining aniq muammolari yechimiga qaratilgan innovatsion texnologiyalarga alohida urg‘u berildi. "Joriy qilingan innovatsion ishlanmalar" yo‘nalishi tashkil etildi. Unda yirik korxonalarda ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida tizimli ishlab chiqarilayotgan oltmishdan ziyod mahsulot namoyish etilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti turli sohalar uchun yetuk kadrlar yetkazib beradi. Kimyo fanlari nomzodi Davronbek Bekjonov yosh olimlardan.
– Ilmiy loyihamiz oqova va chiqindi suvlarni ionitlar bilan tozalashga qaratilgan, – deydi D.Bekjonov. – Biz taklif qilayotgan ishlanma xorijdan olib kelinayotgan ana shunday mahsulotlardan ancha arzon. Hozir u «Maksam-Chirchiq» aksiyadorlik jamiyatida qo‘llanmoqda. Mahalliylashtirish dasturiga ham kiritildi.
X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida yosh olimlar, tadqiqotchilar, talabalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ular o‘z ilmiy va amaliy ishlanmalarini namoyish etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Yarmarkada yosh olim va talabalar yaratgan 100 dan ortiq ishlanma namoyish etilmoqda.
– Muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish borasidagi izlanishlarimiz tufayli issiqlik saqlovchi penobeton yaratildi, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining to‘rtinchi kurs talabasi Bahodir Soliyev. – U oddiy qurilish betoniga nisbatan yetti barobar yengil bo‘lib, uylarning tashqi, ajratuvchi devorlariga, polga qo‘llasa bo‘ladi. Ichi g‘ovak bo‘lgani hisobiga shovqin, issiq va sovuq havoni o‘tkazmaydi. Hozir Samarqand viloyatidagi «Alina Invest» qo‘shma korxonasida penobetonlar keng miqyosda ishlab chiqarilmoqda.
– O‘ndan ziyod innovatsion ishlanmalarni olib keldik, – deydi Guliston davlat universitetining professori Habib Qushiyev. – Asosiy e’tibor o‘simliklar biotexnologiyasi, ularning chidamlilik hamda biokimyoviy tahliliy yo‘nalishiga qaratildi. Natijalar ko‘ngildagidek. Misol uchun, o‘tgan yillarda sho‘rga chidamli, dorivor o‘simliklarni qayta ishlash borasida 100 gektarda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik qilindi. Hududiy yarmarkada zamburug‘ga qarshi kurash, paxtaning o‘sish hamda rivojlanishini ta’minlab, hosildorligini yanada oshirishga xizmat qiladigan preparatlar yetkazib berish borasida fermerlar bilan 500 million so‘mlikdan ortiq shartnoma imzoladik.
Yarmarka doirasida III Toshkent xalqaro innovatsion forumini o‘tkazish mo‘ljallangan. Unda Germaniya, Bolgariya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya kabi davlatlar, Jahon banki, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari va ekspertlarining ishtiroki kutilmoqda. Forumning asosiy maqsadi dunyoda innovatsiya tizimlarining rivojlanish tendensiyalari, innovatsiya faoliyatining rivojlanish holati, muammolari va istiqbollarini tahlil qilish, milliy innovatsiya tizimini shakllantirishda turli omillarning o‘rnini aniqlash hamda O‘zbekistonni innovatsion faolligi yuqori bo‘lgan hududga aylantirishga ko‘maklashishdan iborat.
X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida taklif etilayotgan ilmiy ishlanmalar bugungi davr nuqtai nazaridan dolzarbligi va qamrovining kengligi, aholi, ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlangani bilan ajralib turibdi. Unda fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan texnologiya va ishlanmalar mualliflari o‘rtasida shartnomalar imzolanmoqda.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi.
O‘zA