O‘zbekiston sanoat korxonalari eksport salohiyati oshmoqda
«O‘zekspomarkaz»da qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste’mol tovarlari hamda eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish komplekslarining tarmoqlararo sanoat yarmarkasi yakunlandi.
Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid qabul qilingan farmon va qarorlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi va ishlab chiqarishni samarali tashkil etishida keng imkoniyatlarni ochib bermoqda. Sohani yanada rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor iqtisodiyotimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotir.
Yarmarkada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tarmoq sanoat korxonalari, kichik biznes subyektlari o‘z mahsulotlari va istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalari bilan ishtirok etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ishtirokchi sanoat korxonalariga tijorat takliflarini tayyorlashda, ularni elektron savdo maydonchalarida joylashtirishda, xorijiy hamkorlar topishda hamda eksport shartnomalarini tuzishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatdi. Natijada jamg‘arma ko‘magida tarmoqlararo sanoat yarmarkasida ishtirok etgan korxonalar tomonidan jami 35 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, mazkur jamg‘arma joriy yilning birinchi choragida 627 tadbirkorlik subyektiga mahsulot va xizmatlarni eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida umumiy qiymati 642 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolandi. Ellikdan ortiq tadbirkorlik subyektiga Germaniya, Rossiya va Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishda yordam ko‘rsatildi. Bu tadbirlarda 117,8 million dollarlik eksport kelishuvlari imzolandi.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasida namoyish etilgan mahsulotlarning eksportbopligi, jahon bozorlarida raqobatbardoshligi, xalqaro sifat standartlariga javob berishi mamlakatimizdagi sanoat korxonalari yuqori eksport salohiyatiga ega ekanidan dalolatdir.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, jamg‘arma va Toshkent shahar hokimligi tomonidan joriy yilning 11-13-may kunlari Qozog‘istonning Chimkent shahrida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilishi kutilmoqda.
Ko‘rgazmada mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ikki yuzga yaqin sanoat korxonasi qatnashadi. Unda Qozog‘iston bozoriga oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika va mashinasozlik sanoati mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qator o‘zaro hamkorlik bitimlari va eksport shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.